Nuqtai nazar: Olimpiada, umuman, sport nima uchun muhim?
Parijdagi Olimpiada butun dunyo aholisi kabi o‘zbekistonliklarni ham «o‘tdan olib, suvga soldi» – yutqazgan jamoamiz uchun kayfiyatimiz tushdi, yutgan sportchilarimiz uchun ko‘nglimiz tog‘dek o‘sdi. Ya’ni, butun xalq bir bo‘lib hamyurtlarimizning sport natijalari uchun birlashdik, bir xil tuyg‘ular, ayni hislarni tuyyapmiz.
Aslida sport o‘yinlari, olimpiadalarning eng katta ahamiyatlaridan biri shu – bizni birlashtirib, yakdil musht, yagona qalb, yaxlit xalqqa aylantiradi.
Butun dunyoda sport tinchlik elchisi deb qaraladi. Psixolog Erix Fromm “Futbol – bu sublimatsiyalashgan urush” degan edi. Ushbu qarashni umuman barcha sport turlariga tatbiq qilsa bo‘ladi. Ya’ni ilgari insoniyat o‘z darajasi, ustunligi, kuchini urushlarda ko‘rsatar edi. Katta qo‘shinlar jangimi, yakka ritsarlar bahsimi – barchasining tagida kim ustunroq, kuchliroq, aqlliroq ekanini ko‘rsatish turgan. Keyin odamlar tushundiki, buni urushsiz, qon to‘kish va qurbonlarsiz, sport maydonlarida ham kamroq talafot bilan ko‘rsatish mumkin ekan. Bugungi kungacha ham ahmoqona urushlar davom etib kelayotgan bo‘lsa-da, ularning salmog‘i va ko‘lami bundan ham katta va dahshatli bo‘lishi mumkin edi, agar sport bo‘lmaganida.
Ilm-fanga munosabatni sportga munosabat bilan solishtirishyapti. Ilm-fanning naqadar muhimligini hamma biladi va aynan sport g‘alabalarimizga kelganda shuni solishtirish kerak emas deb o‘ylayman. Chunki bu olamshumul yutuqlarga erishgan sportchilarning mehnatini kamsitishdek bo‘lib qolishi mumkin. Bundan ilm-fan yutmasligi tayin, sport yutqizadi. Hammasi o‘z o‘rnida muhim, kerakli. Ilm-fanga e’tiborni ham alohida talab qilaveramiz, albatta.
Odamlar faqat siyosatga qiziqib, har kuni o‘zining atrofidagi muammolarnigina o‘ylab yura olmaydi. Bunday yashash charchatadi, parchalaydi, sindiradi. Insoniyat tillari, dinlari, millatlari va hokazodan qat’i nazar mushtarak ekanini anglab turgan, urushmay bellashayotgan ushbu xalqaro bayramning ahamiyatini pasaytirib, “bu bir tiyinlik o‘yin, o‘zimizning muammolarni o‘ylaylik” deganlarga sal o‘ylabroq ergashinglar.
Tafakkur qiling, bizni birlashtiruvchi nuqtalarimiz qadrli, ular qadriyat. Demak, sport ham qadriyatdir. Umuminsoniy qadriyat!
Shahnoza Soatova.