Nurobodda g‘alla o‘rim-yig‘imi boshlandi

Bu yil nurobodlik g‘allakorlar 2 ming 10 gektar sug‘oriladigan yer maydonida boshoqli don yetishtirdi. Maqsad - 3 ming 763 tonna mo‘l hosil o‘rib-yig‘ib olish.
Ayni kunlarda “Urgut chorvador Azimsher”, “Asilbek istiqlol o‘g‘loni”, “Musoqoq” fermer xo‘jaliklarida g‘alla o‘rim-yig‘imi boshlandi.
- Mavsumni qisqa muddatda va sifatli o‘tkazish yuzasidan tuman hokimligi qoshida ishchi guruhi tashkil etilgan bo‘lib, o‘rim-yig‘imda ishtirok etayotganlar uchun dalaning o‘zida issiq ovqat, hamma sharoitga ega turar joy maskanlari, ko‘chma texnik xizmat ko‘rsatish mobil guruhlari tashkil etilgan, - deydi “O‘zagroinspeksiya”ning Nurobod tumani bo‘limi boshlig‘i Mamat O‘runov. - G‘alla o‘rish kombaynlarining bir maromda, uzluksiz ishlashini ta’minlash uchun, yoqilg‘i moylash materiallari va boshqa zaruriy asbob-uskunalar shay qilingan.
Ma’lumot o‘rnida: joriy yilda samarqandlik ko‘pni ko‘rgan, tajribali dehqonlar 94 ming 230 gektar suvli maydonga ekilgan kuzgi boshoqli don ekinlaridan 235 ming tonnadan ortiq hosil yig‘ishtirib olish maqsadida astoydil mehnat qilishmoqda.
“O‘zagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi axborot xizmati.