Nurobodda giyohvandlik vositasini sotayotgan ikki shaxs qamoqqa olindi
Joriy yilning 17 noyabr kuni soat 23:00 da Nurobod tumani IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida tumanning Tegirmonboshi mahallasida fuqarolar - 33 yoshli Xurshid X. va 50 yoshli Husniddin N.lar tadbirga xaridor sifatida jalb etilgan fuqaroga 2 dona “spichki” yozuvli gugurt qutining ichida bo‘lgan “marixuana” giyohvandlik vositasini 600.000 so‘m evaziga sotayotgan vaqtida ushlanib, shaxsiy tintuv qilinganlarida Xurshid X.ning cho‘ntagidan tadbir davomida ishlatilgan 150.000 so‘m pullar hamda Husniddin N.ning cho‘ntagidan 400.000 so‘m pullar aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.
Sud-kimyoviy ekspertizaning xulosasiga ko‘ra, tadbir davomida Xurshid X. va Husniddin N.lardan hujjatlashtirilib olingan yashil rangli, quruq holdagi o‘simlik moddalari tarkibida faol giyohvand modda - tetragidrokannabinol mavjud bo‘lib, bu o‘simlik moddalari “marixuana” giyohvandlik vositasi turiga kirishi, uning sof vazni 3.64 gramga teng ekanligi ko‘rsatilgan.
Mazkur holat yuzasidan Nurobod tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 3-qismi "b" bandi (giyohvandlik vositalarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek, ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bilan Xurshid X. va Husniddin N.larga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Dastlabki tergov jarayonida Xurshid X. va Husniddin N.lar ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilingan hamda ularga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.