Nurobodlik tadbirkorlarning murojaatlariga yechim izlanmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Samarqand viloyati Nurobod tumanidagi Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonasi tomonidan tumandagi tadbirkorlik sub’yektlarining haq-huquqlarini himoya qilish borasida xayrli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, qabulxonaga joriy yil boshidan bugungi kunga qadar 132 nafar tadbirkorlar tomonidan murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, ushbu murojaatlarning 54 tasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuman qabulxonasiga, 63 tasi sayyor qabullar orqali, 15 tasi bevosita Respublika ishonch telefonlari orqali kelib tushgan.

Murojaatlarning 22 tasi Respublika, 28 tasi viloyat, 82 tasi tuman darajasida hal etilishi kerak bo‘lgan muammolar hisoblanadi.

Qilingan murojaatlarni sohalar kesimida oladigan bo‘lsak, bank kreditlari bilan bog‘liq murojaatlar 53 tani, yer, kadastr va arxitektura-qurilish ishlari bilan bog‘liq murojaatlar 38 ta va qolgan 41 tasi soliq to‘lovlari, elektr ta’minotiga ulanish, tadbirkorlikni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish kabi murojaatlar hisoblanadi.

Bugungi kunga qadar kelib tushgan barcha murojaatlar tegishliligi bo‘yicha tuman, viloyat, respublika darajasida vakolatli korxona va tashkilotlarga yo‘naltirilib, barchasining ijobiy hal etilishi ta’minlandi.

Sh.ABDURAHMONOV,

Nurobod tumanidagi Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonasi mudiri.