Nuroniylar bor joyda totuvlik, mehr-oqibat bo‘ladi
Samarqand shahridagi Qurolli Kuchlar kichik mutaxassislarni tayyorlash markazida nuroniylar, nafaqadagi harbiylar va yoshlar ishtirokida uch avlod uchrashuvi tashkil etildi.
Tadbirda "Nuroniy" jamg‘armasi respublika boshqaruvi raisi Sodiqjon Turdiyev so‘zga chiqib, keksa avlod vakillarining jamiyatdagi o‘rni, ular tomonidan joylarda olib borilayotgan ishlar haqida to‘xtaldi.
- Nuroniylar bor joyda totuvlik, tartib-intizom va mehr-oqibat bo‘ladi, - dedi S.Turdiyev. - Katta hayot tajribasiga ega otaxonu onaxonlar bugun mahallaning yuzi, ularning ibratli hayoti, olib borayotgan ishlari yoshlarga o‘rnak bo‘lib kelmoqda. Biz, nuroniylar birlashib, bu faollikni davom ettirsak, yoshlarning dunyoqarashi kengayadi va sog‘lom fikrli avlodlar bo‘lib ulg‘ayadi.
Tadbir davomida faol nuroniy va nafaqadagi harbiylarning xizmatlari e’tirof etilib, tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.
Fazliddin Ro‘ziboyev.