Nursulton Nazarboyev 2020 yil aprelgacha davlatni boshqarishi mumkin edi: Elboshi nega ketdi?

Nursulton Nazarboyevning iste’foga chiqishi haqida avval ham mish-mishlar bo‘lib turardi. Ammo to‘satdan uning “Ketaman”, deyishini hech kim kutmagani rost. Nega bunday bo‘ldi?

Qozog‘iston iqtisodiy-ijtimoiy jihatdan sobiq ittifoq respublikalari ichida eng barqarori hisoblanadi. Aholi orasida norozilik kayfiyati deyarli sezilmaydi. Mamlakatda o‘ta boyib yoki qashshoqlashib ketish holati mavjud. Shunday bo‘lsa-da, boshqa tengdosh davlatlar, aytaylik, Rossiyadagidek darajada emas. Yana bir o‘ziga xoslik – hukumatga qarshi oppozitsiya (maxolifat) kuchlari shakllanmagan (Balki bordir, muhimi, bu haqda ma’lumot tarqalmagan).

Ichki va tashqi siyosatning oqilona olib borilishi tufayli Qozog‘iston yaqin va uzoq mamlakatlar bilan hamkorliklarni yil sayin mustahkamlab boryapti. Nursulton Nazarboyev jahon siyosatining nufuzli arboblaridan sanalishi bejiz emas. U hech kim bilan yomon muomalada bo‘lmagan va bo‘lmaydi.

Shunday qilib, Qozog‘iston tashqi siyosatda oqil va ayyor ekani haqiqat. Rossiya yoki Xitoy kabi tez rivojlanayotgan davlatlar geosiyosatiga hamohang harakat qiladi. Davlatning iqtisodiy siyosati chet el investorlarini jalb etishga tayanadi. Bularning hammasi N.Nazarboyev sharofati bilan. Xalq buni biladi. Oxirgi prezidentlik saylovida u qariyb 98 foiz ovoz olgani shundan. Darhaqiqat, Qozog‘iston siyosiy olamida boshqa bunday obro‘li va yuqori darajali siymo yo‘q.

 Xuddi arab shayxlaridek

“Elboshi” faxriy unvoni N.Nazarboyevga umrbod berildi. Shuning uchun ham iste’fo masalasida shoshilmadi. Ammo nega to‘satdan lavozimni topshirdi? Sog‘lig‘i yomonlashdimi?

Televideniye orqali xayrlashuv bayonotida bu ko‘zga tashlanmadi. Elboshining sog‘lig‘i haqida hech qanday ma’lumot ham yo‘q. So‘nggi paytda ikki bor chet elda davolanib kelgani ma’lum, xolos. Sharq an’analariga ko‘ra, prezident yopiq siymo.

U arab shayxlaridek, o‘zining sog‘lig‘i haqida hech qachon ochiq ma’lumot bermagan. Uni hamyurtlari kam ko‘rishardi. Mao Szedun kabi Yaniz daryosida cho‘milmadi, Putin kabi ko‘l va orollarda suzmadi, Berluskoni singari sershovqin kechalarda ham qatnashmasdi.

– Boris Yelsinning matbuot kotibi sifatida prezidentlarning o‘zaro muloqotini bir necha bor kuzatganman, – deb yozadi jurnalist Vyacheslav Kostikov “Argumenti i fakti” gazetasining 2019 yil 13-sonida. ­– Nazarboyev hech qachon muloqotda tutilib qolmasdi. Sobchak kabi o‘zining fikrini hayqirib olg‘a surmasdi. Sharq faylasufi kabi mulohazali, aqlli, tadbirkor edi. Vaqtida KPSS Markaziy komitetining siyosiy byurosi a’zosi sifatida boy tajribaga ega bo‘ldi. U muhim masalalar omma orasida emas, shaxsiy muloqotlarda, hamkorlikda amalga oshirilishini yaxshi tushunardi. Uning Yelsin bilan, keyinchalik Putin bilan ham ishonchli muloqotlari shu tarzda samimiy o‘tdi.

Xalqaro siyosatchilar muddatidan oldin, ko‘ngilli tarzda prezidentlik lavozimidan ketish jarayonini qizg‘in olqishladi. Hokimiyatni tinch-totuv boshqarib, mamlakatni taraqqiy ettirish, xalq turmush darajasini yaxshilash, poytaxtni yangi qurib, vaqti kelganda, davlat taqdirini yosh kuchlarga topshirish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Aslida bu o‘z hurmatini bilish, deyiladi.

Jazoir sobiq prezidenti Buteflikning qismati bunga misol. U nogironlik aravachasida, og‘ir ahvolda bo‘lishiga qaramay, nomzodini beshinchi bor prezidentlikka qo‘ydi. Natijada, xalqning qahr-g‘azabi toshib, poytaxt ko‘chalariga chiqdi. Norozilik namoyishlari boshlanib ketdi. Sobiq rahbarning ko‘p yillik xizmatlari kulga aylangancha hokimiyatdan ketdi.

Siyosatchilar Zimbabve sobiq prezidenti, 93 yoshli R.Iugabe fojeasini ham yaxshi eslaydi. Mamlakatda harbiy to‘ntarish sodir etilib, diktator hokimiyatdan badarg‘a qilindi. Bunday achchiq taqdir kimga kerak?

Nursulton Nazarboyev hozir 78 yoshda. Qonunga ko‘ra, 2020 yil aprelgacha davlatni boshqarishi mumkin edi.

 Ketish – jo‘nash emas

1999 yil 31 dekabrda Rossiyaning Birinchi Prezidenti Boris Yelsin xalqqa telemurojaat qildi. “Qaror qabul qildim, men ketaman, – degan edi u. – Rossiya yangi mingyillikka yangi siyosatchilar, qiyofalar bilan kirib kelishi lozim”. O‘shanda yangi siyosatchi, deb kim nazarda tutilgani ham darhol ma’lum bo‘ldi: Vladimir Putin!

N.Nazarboyev ham B.Yelsin kabi, “O‘zim uchun oddiy bo‘lmagan qaror qabul qildim. Kelgusi taqdirimni hokimiyatga yangi, yosh rahbarlar avlodi kirib kelishi bilan bog‘layman”, dedi. Qosim-Jo‘mard To‘qayev nomi zikr etildi.

Faqat bir farq: Yelsin Kremldan ketishda xalq ishonchini oqlay olmagani uchun kechirim so‘ragandi. Nazarboyev bunday qilmadi.

Birinchidan, u kechirim so‘raydigan ish qilmadi. Mamlakat taraqqiyotiga g‘ov bo‘ladigan xatolarga yo‘l qo‘ymadi.

Ikkinchidan, asrlar bo‘yi qo‘riq hudud bo‘lgan o‘lkani gullab-yashnagan, jahon talablari darajasidagi yurtga aylantirdi.

Uchinchidan, kechirim so‘rash uchun Yelsindek hokimiyatni butunlay tark etishi lozim edi. Qozog‘iston Prezidenti bu masalaga boshqacha nuqtai nazardan qaradi. Ya’ni, lavozimidan “xitoychasiga ketdi”.

Bundan o‘ttiz yil muqaddam Xitoy islohotining otasi Den Syaopin iste’foga chiqish barobarida siyosatga ta’sir kuchini o‘zida saqlab qolgandi. N.Nazarboyev ham shu yo‘ldan boryapti.

U nafaqat “Xalq otasi” bo‘lib qoladi, balki xalq xavfsizligi kengashi raisi va parlamentni nazorat qiluvchi “Nur Otan” partiyasi rahbari sifatida ham faoliyatini davom ettiradi. Bundan tashqari, umrbod konstitutsiyaviy kengash a’zosi ham bo‘lib qoldi.

Siyosiy qarashlarini yana bir muhim jihat bilan mustahkamladi. Katta qizi Darig‘aning senat spikeri etib tayinlanishiga erishdi. Konstitutsiya bo‘yicha endi qizi davlatda ikkinchi rahbar sanaladi. Mabodo, Q.To‘qayev iste’foga chiqsa, prezident vazifasini D.Nazarboyeva bajaradi.

 Keyingi jarayon

N.Nazarboyev lavozimini topshirgan kunning ertasiga Prezident vazifasini bajaruvchi Qosim-Jo‘mard To‘qayev Ostona shahrini “Nursulton”, deb qayta nomlash taklifi bilan chiqdi.

SSSR davrida ham shaharlarni partiya va davlat rahbarlari nomi bilan atash an’anasi bo‘lgan. Stalin davrida ittifoq xaritasida Stalingrad, Kalinin, Kuybishev, Molotov kabi nomlar paydo bo‘lgandi. Aslida buning tarixi ancha chuqur. XVIII-XIX asrlarda AQShda Vashington, Linkoln, Angliyada Viktoriya, Germaniyada Vilgelmexafen, Rossiyada Yekaterinburg, Novonikolayevsk kabi shaharlar millat liderlari sharafiga atalgan.

Stalin vafotidan so‘ng tirik partiya va davlat rahbarlari nomini abadiylashtirishga chek qo‘yildi. Stalingrad Volgogradga, Molotov Permga aylandi.

Ittifoq tarqalgach, Markaziy Osiyo davlatlarida bu an’ana yana avj oldi. 1993 yilda Turkmanistonda Krasnovodsk shahri Birinchi Prezident S.Niyozov sharafiga Turkmanboshi, deb ataldi. Endilikda Ostona shahri Nur-Sulton nomini olyapti.

Nursulton Nazarboyev Ostonani poytaxtga aylantirdi. Shaharni jahon standarti asosida qayta qurishda bosh-qosh bo‘ldi. Uning rahbarligida hukumat kompleksi barpo etildi, shahar kengaydi. Demak, shaharni Birinchi Prezident sharafiga nomlash uchun asos bor.

Shuningdek, uning nomi mamlakatdagi barcha viloyat markazlarining asosiy ko‘chalariga beriladigan, poytaxtda Nazarboyev yodgorlik monumenti o‘rnatiladigan bo‘ldi. Fikrimizcha, mana shunisi uncha maqsadga muvofiq emas. Qadrlash tushunchasi shaxsga sig‘inish chegarasidan o‘tib ketmasligi kerak.

Shokirjon ShERALIYeV,

Jomboy tongi”ning siyosiy sharhlovchisi.