O‘g‘lonlar Vatan himoyasi uchun saralanmoqda

– 2018 yilgi chaqiruv mavsumiga tayyorgarlik jarayonida tuman va shahar mudofaa ishlari bo‘limlarida jami 60 ming nafarga yaqin chaqiriluvchilar o‘rganildi, – deydi viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi chaqiruv bo‘limi boshlig‘i yordamchisi Elyor Atabayev. – Shahar va tumanlarda dastlabki tibbiy ko‘rik to‘liq amalga oshirildi. 2017 yilning 10 oktyabridan joriy yilning 15 yanvariga qadar chaqiriluvchilar uchun jismoniy va test sinovlari o‘tkazildi. Eng yuqori ball to‘plaganlar muddatli harbiy xizmatga yuboriladi. Sog‘lom deb topilgan, ammo yetarli ballga ega bo‘lmay, muddatli harbiy xizmatdan qoldirilganlar navbatdagi chaqiruvga yoki safarbarlik rezervidagi xizmatga tavsiya etiladi. Hozirda viloyat yig‘uv punktida saralangan chaqiriluvchilar yakuniy tibbiy ko‘rikdan o‘tmoqda.
Viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi chaqiruv bo‘limining yig‘uv punktida chaqiriluvchilarni yakuniy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun barcha sharoit yaratilgan. Oliy toifali, malakali tibbiyot xodimlaridan iborat komissiya ish olib bormoqda.
– Tibbiy ko‘rikning sifatli, oshkora o‘tishiga alohida e’tibor qaratyapmiz, – deydi tibbiy komissiya katta shifokori Xudoyberdi Amonov. – Buning uchun xonalar zarur tibbiy asboblar bilan jihozlangan. Shahar va tumanlardan tibbiy ko‘rikdan o‘tib, bu yerda kasalliklar aniqlanayotgan holatlar ham uchramoqda. O‘tgan yilgi chaqiruv mavsumidan keyin turli kasalliklar tufayli viloyatimiz bo‘yicha 9 nafar yigit harbiy qismlardan qaytarib yuborilgan. Bu yil shu kabi salbiy holatlar takrorlanmasligiga harakat qilyapmiz. Tibbiy ko‘rik jarayonining shaffofligini ta’minlash maqsadida har bir xonaga videokuzatuv jihozlari o‘rnatilgan.


Folib ABDUSAMATOV,
Baxtiyor MUSTANOV (foto).