"O‘g‘rigina bolam..."
"O‘zi bu dunyoda bilmasdan, ko‘rmasdan, sinamasdan turib hyech kimga yaxshilik, rahm-shafqat ham qilmang ekan, bolam. "Sinalmagan otning sirtidan o‘tma", degan maqol ham bejiz aytilmagandir. Ammo biz ham xom sut emgan bandalarmiz-da, odamzod loydan yasalayotganda suv yetmay qolib, uning o‘rniga ko‘z yoshlari ishlatilgan ekan. Shu sababli ham mehr-muruvvatli, rahmdilmiz. Xudoga shukur, birovga yomonlik sog‘inmaymiz, hammaga ishonaveramiz.
O‘tgan kuni tun yarmi edi. Tashqarida havo sovuq, ayoz. Darvoza taqilladi, tashqarining chirog‘ini yoqib, bir iloj qilib, eshikkacha bordim. Ochsam, ozg‘ingina bir odam yarim bukchayib, sovuqdan dir-dir titrab turibdi.
– Qishloqdan kelganman, onajon, kasalligim tufayli uyimga ketolmay qoldim, bir kechaga joy bering, ishonmasangiz mana pasportim, – dedi ingraganicha. Chiroq yorug‘ida yuziga qarasam, duppa-durust, rostakamiga kasalligi ayon.
Bo‘sh bir xonaga kiritib, harorat tushiruvchi dori-darmon berdim, issiqqina novvotli choy ichirdim. Harorati biroz tushib, uxlab qoldi.
Tong sahar ko‘zim ilinibdi, uyg‘onganimda soat ertalabki yetti edi.
Darhol tungi bemor mehmon esimga tushib, "yaxshimikan, musofir sho‘rlik", deya u yotgan xonaga o‘tdim va hayratdan dong qotib qoldim.
To‘shaklar ag‘dar-to‘ntar bo‘lib yotar, mehmonning qorasi ham ko‘rinmasdi. Darvoza ochiq.
Yuragim "shuv" etdi-da, ko‘nglimga xavotir yugurdi. Shoshib qoldim, bir zumda barcha xonalaru hovlini zir aylanib chiqdim.
Servant ichidagi pullarim va tilla taqinchoqlarim turadigan yog‘och sandiqchamni ochdim, bo‘m-bo‘sh! Uyali telefonim yo‘q, devorga ilingan yap-yangi momiq, guldor gilamcham ham yo‘q.
Xudojo‘y odamman. Ammo o‘sha payt odam zotiga nisbatan nafrat, mutloq ishonchsizlik, g‘azab paydo bo‘ldi qalbimda va noxosdan yuragimni changalladim.
– Saksonga yaqinlashdim, menga boylik, mol-dunyo nimaga kerak endi, go‘rimga orqalab ketarmidim. Qariganingizdan keyin birovlarga yaxshilik qilib, mehr ko‘rsatgingiz kelaverarkan. Lekin ulardan ham yaxshilik kutarkansiz. Nima bu yaxshilik? Pul, qimmatbaho sovg‘alar ham emas, shunchaki mehr, iliqlik, ko‘ngilni ko‘taruvchi bir og‘izgina shirin so‘z, bir o‘ramgina shokoladmi yo to‘rttagina parvarda, qand-qursmi...
Ko‘ngil bu, bolam, ko‘ngil!
Ha bolam, gap o‘sha o‘marib ketilgan narsalarning kamyobligi yoki qimmatbaholigida ham emas, bulardan ayrimlari keksaligim tufayli asqotardi deyman-da.
Mayli, bolam, o‘g‘ri bo‘lsa ham omon bo‘lsin. Ehtimol, bola-chaqasi bordir, yetishmovchilik domiga tushib qolgandir, ishsizdir. Xudoning bandasida u ham, do‘xtir bolam.
– Qo‘shnilarim ham bilmaydi hali bu gapni. Kechirimli bo‘laylik, bolam! Adashmaydigan odam bormi dunyoda? "Lang‘illagan olovni suv o‘chiradi, kechirimli odamni Xudo kechiradi", degan hikmat bor xalqimizda, bolam.
Bir xavotirim, uyiga, bola-chaqasining yoniga eson-omon yetib olgan bo‘lsin iloho! Kasal edi u axir! Kasal..."
Men ohistagina bemor onaning to‘shagi qarshisiga tiz cho‘kib, uning choyshab ostidagi muqaddas oyoqlariga boshimni qo‘ydim.
Murodim UMRZOQOV.