O‘quvchi maktab formasini kiyishda me’yorlarga amal qilyaptimi?

Xo‘sh, maktablarda o‘quvchilar nizom talablari asosida kiyinyaptimi? Bu borada maktab ichki qoidalariga rioya qilmagan bolalarga nisbatan biror chora ko‘riladimi? Kiyinish madaniyatini shakllantirishda maktab va ota-onalar hamkorligining o‘rni qay darajada?
MAKTABDA O‘QUVChILAR FORMADA BO‘LIShI ShART
- Joriy yildan boshlab maktabimizda qiz bolalar uchun ko‘k sarafan, oq kofta, o‘g‘il bolalar uchun ko‘k shim va bo‘yinbog‘, oq yoki havo rang ko‘ylak forma sifatida tanlab olindi, - deydi Samarqand shahridagi 13-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Ra’no Boboyorova. - Yilda ikki bor ota-onalarning umumiy yig‘ilishini o‘tkazamiz. Unda o‘quvchilarning davomati, formasi kun tartibidagi asosiy mavzu sifatida muhokama etiladi.
Ushbu maktabga kiraverishda yagona maktab formasining namunasi ilib qo‘yilgan. Ota-ona va maktab hamkorligi ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Buni o‘quvchilarning maktab ichki tartib-qoidalariga rioya qilishidan ham bilish mumkin.
- Intizomni, avvalo, ta’lim berayotgan ustozlardan boshlash kerak, - gapida davom etadi Ra’no opa. - 1229 nafar o‘quvchiga tahsil berayotgan 65 nafar o‘qituvchining barchasi belgilangan me’yor asosida kiyinadi. O‘qituvchi nafaqat bilim berishi, balki o‘quvchilar madaniyatini, ma’naviyatini, odob-axloqini shakllantirishga ham mas’ul hisoblanadi. Maktabimizda xotin-qizlar qo‘mitasining raisi bu borada faol ish olib boradi. Har oyda ikki bor o‘quvchilar bilan turli mavzularda yig‘ilish o‘tkazadi. Maktab ichki tartib-qoidalariga rioya qilmagan o‘quvchilarning ota-onalari bilan suhbatlashib, muammolarni bartaraf etadi.
O‘QUVChILAR TARTIBGA RIOYa QILMASA…
O‘quvchilarning forma kiyish tartibiga rioya qilmasligi ta’lim muassasasining ichki tartib-qoidalarini buzish, deb baholanadi va bunday o‘quvchilarga quyidagi choralar qo‘llaniladi: ogohlantirish, kundalik daftariga qayd etish, tushuntirish ishlarini olib borish uchun ota-onasini xabardor qilish, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ta’lim muassasasidagi yig‘ilishlarda ota-onalar ishtirokida muhokama qilish.
YaGONA MAKTAB FORMASINING JORIY ETILIShI MUAMMOLAR YeChIMIDIR
- Maktab formasining yagona etib belgilanganligi biz, ota-onalarga ham ma’qul, - deydi ishtixonlik Hulkar Boboyeva. - Negaki, avval farzandlarimizga qanday kiyim olsak bo‘ladi, o‘rtoqlari qanaqa kiyinar ekan, deb o‘ylanardik. To‘g‘risi, bozorda sotilayotgan formalarning narxi va ularning sifati bizni qanoatlantirmasdi. Ba’zan yarim yilga yetmasdan, yana boshqa forma sotib olgan davrlarim ham bo‘lgan. Yangi maktab formasiga tabiiy matolarning tanlangani, ularning sifatli qilib tikilishi, asosiysi, narxi bizga manzur bo‘ldi.
- Ayrim ota-onalar farzandiga qimmatbaho kiyim olib berib, boshqalardan ajralib turishini xohlaydi, - deydi Samarqand shahridagi 54-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi Rohila Bo‘tayeva. - Bu ayniqsa, yuqori sinflarda o‘quvchilar o‘rtasida tafovutni keltirib chiqarayotgandi. Tor yubka, baland poshnali tuflida maktabga kelayotgan o‘quvchining xayoli sifatli ta’lim olishda emas, balki o‘zini tengdoshlariga ko‘z-ko‘z qilishida bo‘ladi. Yagona maktab formasining joriy etilishi bunday holatlarga barham beradi.
Nasiba JONTO‘RAYeVA.