O‘zbek folklorining Navoiysi
Viloyatimiz madaniyat va san’at xodimlari ham ushbu qarordan ruhlanib, bebaho milliy san’atimizni rivojlantirish bo‘yicha o‘z ijodiy reja va loyihalarini ishlab chiqmoqda.
Bugun kunda Samarqandda olti nafar baxshi faoliyat yuritib, ommaviy tadbirlar, halq sayillarida ishtirok etmoqda. Ular – Kattaqo‘rg‘on shahridan Xurram baxshi, Narpay tumanidan Samad baxshi, Past Darg‘om tumanidan Ahror baxshi, Nurobod tumanidan Sayim baxshi, Bulung‘ur tumanidan Sherqo‘zi baxshi, Qo‘shrabot tumanidan Turdimurod baxshi milliy san’atimiz durdonasi bo‘lgan baxshichilik an’analarini davom ettirib kelmoqda.
Viloyatdagi to‘rt bolalar musiqa va san’at maktabida joriy o‘quv yilidan boshlab baxshichilik yo‘nalishi ochildi. Ushbu yo‘nalishlarda bugungi kunda yuzlab o‘quvchi yoshlar buyuk baxshi va oqinlar merosini, bu san’at turi sirlarini o‘rganmoqda.
Yurtimiz baxshichilik an’analari shakllanishida samarqandlik baxshilarning o‘rni beqiyos. Xususan, Ergash Jumanbulbul o‘g‘li o‘zbek baxshi shoirlarining peshqadami sifatida nafaqat Samarqand, balki butun mamlakatimizda ushbu san’atning rivojlanishiga juda katta hissa qo‘shgan.
O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov baxshi haqida fikr bildirib “o‘zbek folklorining Navoiysi – Ergash Jumanbulbul o‘g‘li” deb ta’rif bergan edi.
Abdulla Oripovning Ergash Jumanbulbul o‘g‘liga bergan bahosini nechog‘lik haqiqat ekanligini baxshi qoldirgan boy meros, uning badiiy estetik qimmati, o‘zbek xalqining ma’naviyatidagi munosib o‘rni ham tasdiqlaydi.
Ayni paytda viloyatimizda Ergash Jumanbulbul o‘g‘li tavalludining 150 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Yubiley munosabati bilan baxshi shoir yashab, ijod qilgan Qo‘shrabot tumanidagi uy-muzeyi to‘liq qayta ta’mirlanadi. Baxshi shoir ijodi va faoliyatiga bag‘ishlab hujjatli film yaratish, kitob chop etish rejalashtirilgan. O‘quv yurtlari, madaniyat muassasalarida ilmiy-amaliy anjumanlar, badiiy kechalar, ijodiy uchrashuvlar o‘tkazilishi belgilangan. Shoir ijod qilgan qishloqda respublika baxshilari ishtirokida tanlov ham tashkil etiladi.
Ustoz To‘ra Mirzayev o‘z kitoblarining birida Ergash Jumanbulbul o‘g‘li haqida quyidagi so‘zlarni keltirgan: “Ergash shoir badiiy so‘zni juda yuksak darajada qadrlagan. Aytayotgan so‘zini hech mahal yelga bermagan, shamolga uchirib yubormagan. Shuning uchun ham u so‘z va soz, suxan haqidagi qarashlariga doir maxsus termalar yaratish bilan birga ularni o‘rni-o‘rni bilan dostonlarning qat-qatiga singdirib yuborgan.”
Bahodir ShAROFOV, viloyat madaniyat boshqarmasi boshlig‘i.