O‘zbekiston elchisi Koreyadagi yurtdoshlarimizga murojaat qildi
2020 yil 5 mart kuni O‘zbekiston Respublikasining Janubiy Koreyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Vitaliy Fen Koreya Respublikasida vaqtincha yoki doimiy ravishda istiqomat qilib kelayotgan barcha yurtdoshlarimizga murojaat qildi.
“Hozirgi kunda Janubiy Koreyada muammo tug‘dirayotgan koronavirus tufayli fuqarolarimiz xavotirga tushganidan xabarim bor, – deyiladi Elchixonaning barcha internet-resurslarida joylashtirilgan murojaatda. – Koreya Respublikasi Hukumati koronavirus bilan kurashish uchun zamonaviy tibbiyot texnologiyalari va ilg‘or tajribani qo‘llagan holda virus bilan kasallangan bemorlarni qisqa muddat ichida aniqlash va ularni davolash bo‘yicha barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda.
Hozirda bemorlar soni ko‘payib borayotgan bo‘lsa ham yaqin kelajakda Koreya Respublikasi Hukumati va tibbiyot sohasi mutaxassislari virus tarqalishining kamayishiga va uning xavfini keskin susayishga ishonch bildirmoqda.
Bunday vaziyatda O‘zbekiston fuqarolarini tashvishga tushmasdan xotirjamlikni saqlashga chaqiraman. Shu bilan birga, odamlar gavjum yig‘iladigan tadbir yoki joylarga bormaslikni, ushbu virusga qarshi kurashish uchun tavsiya etilgan ehtiyot choralarini qat’iyan bajarishingizni so‘rayman.
Ta’kidlash joizki, bugungi kunda O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi iqtisodiy va do‘stona hamkorlik har qachongidan ham jadal rivojlanmoqda. Yaqin hamkorligimiz natijasida fuqarolarimizning Janubiy Koreyada qulay shart-sharoitlarda ta’lim olishlari va ishlashlari ta’minlanmoqda.
Koreya Respublikasida inson hayotiga tahdid solayotgan koronavirusning xavfi saqlanib qolayotgan bir paytda, siz fuqarolardan sarosimaga tushmaslikka hamda yuqorida qayd etilgan barcha tavsiyalarga qat’iyan amal qilishlaringizni yana bir bor so‘rayman.
Muhtaram yurtdoshlar, O‘zbekiston Respublikasining Koreya Respublikasidagi Elchixonasi koronavirus sababli paydo bo‘layotgan muammolarni tezkorlikda bartaraf etish uchun 24 soatlik ish tartibiga o‘tkazilgan. Shu bois istalgan vaqtda biz bilan aloqaga chiqishingiz mumkinligini bildiraman”, degan elchi janoblari.