O‘zbekiston meva eksportidan 2 milliard dollar daromad oldi

Bu ma’lumotlar Samarqand veterinariya meditsinasi institutida Agrosanoat  majmui  va  oziq-ovqat ta’minoti  sohasidagi  loyihalarni  amalga  oshirish  agentligi tomonidan Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida «Meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, saqlash va qayta ishlash, logistika va eksportni tashkil qilish» mavzusidagi seminarda aytildi.

Viloyatimizdagi dehqon va fermer xo‘jaliklari, Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi  va tijorat banklari vakillari, qishloq xo‘jaligi sohasidagi korxona-tashkilot xodimlari, bog‘bonlar, olim va mutaxassislar ishtirok etgan tadbirda qishloq xo‘jaligini rivojlantirishda ilg‘or tajriba va innovatsiyalarni, zamonaviy agrotexnik tadbirlarni qo‘llash, meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, saqlash, qayta ishlash va eksport qilish masalalari muhokama etildi.

- Hozirgacha mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga qaratilgan 21 ta qonun va me’yoriy hujjatlar qabul qilindi, - deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Islom Zokirov. – Ushbu hujjatlar bilan ishlab chiqaruvchilarga ko‘plab imtiyozlar berilmoqda. Misol uchun, 1990 yilda mahsulotlarimiz faqat 5 davlatga eksport qilingan bo‘lsa, bugungi kunda 80  davlatga 180 turdagi mahsulot sotilmoqda. Oxirgi 10 yilda meva sharbatlari eksporti 2 martaga, boshqa oziq-ovqat mahsulotlari eksporti esa o‘rtacha 1,5 barobarga, narxlari 6 martaga ortdi. Natijada, bu yil O‘zbekistonning meva-sabzavot eksporti 10 foizni tashkil etdi va xorijga 1,5-2 milliard dollarlik mahsulot sotildi. Bu mamlakatimizning asosiy eksport mahsuloti bo‘lgan tabiiy gaz sotuvidan keyingi ikkinchi eng yaxshi natija bo‘ldi. Ammo, bizda har yili xorijga 15-20 milliard dollarlik qishloq xo‘jalik mahsulotlari eksport qilish imkoniyati bor. Biroq turli rasmiylashtirshlar, qog‘ozbozlik, hujjatlar to‘ldirish, navbatlar kabi eksportyorga to‘siqlar  yuzaga kelayotgandi. Davlatimiz rahbarining 2018 yil 17 oktyabrdagi «Meva-sabzavot mahsulotlarini tashqi bozorlarga chiqarish samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori bu kabi to‘siqlarni bartaraf etishdagi muhim hujjat bo‘ldi. Mazkur qaror bilan tadbirkorlar bojxona, bank sohasidagi qog‘ozbozliklardan xoli bo‘ldi, ulgurji savdo qilish litsenziyasiga ega bo‘lmasdan mahsulotini eksportga chiqarish va boshqa  imkoniyatlar taqdim etildi. 

Seminarda murakkab meliorativ holat bo‘lgan hududlarda yangi bog‘larni barpo qilish, meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash texnologiya va usullari, mahsulotlar eksportining asosiy va layoqatli bozorlari, mahsulotning sifati va qadoqlash talablari, maqbul logistikani tashkil qilish jarayonlari bo‘yicha tushuncha berildi.

O‘ktam XUDOYBERDIYeV.