O‘zboshimchalik bilan qurilgan uyga qonuniy egalik qilish mumkinmi?

Ayniqsa, qishloqlarda o‘zboshimcha qurilgan uylarni istagancha topish mumkin. Avvallari bunday uylar noqonuniy qurilma, deb topilib, buzib tashlangan holatlar ham yo‘q emas edi.

– Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 20 apreldagi “Fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar hamda o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasini o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoni ko‘plab yurtdoshlarimizga mulk huquqi ta’minlanishi uchun imkon berdi, – deydi Adliya vazirligi Qonunchilik bosh boshqarmasi boshlig‘i Xudoyor Meliyev. – Sir emas, uy-joyga ega bo‘lish va qurishning qonuniy mexanizmlari mavjud bo‘lishiga qaramasdan minglab fuqarolar ko‘p yillar davomida o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarida yakka tartibda uy-joylarni noqonuniy barpo etishgan. Bunday holatlarning yuz berishiga davlat organlari, eng avvalo, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat, shu jumladan, yer kadastri, arxitektura va qurilish sohasidagi vakolatli organlarning beparvoligi ham sabab bo‘lgan.

Farmonga muvofiq, Adliya vazirligi hamda Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi tomonidan fuqarolarning o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarida yoki imorat qurish uchun ruxsatnoma olmasdan qurilgan turar joylariga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida hozirgi kungacha 11 ming 206 nafar shaxs o‘ziga qarashli bo‘lgan o‘zboshimchalik bilan qurilgan uyiga qonuniy egalik qilish huquqini oldi.

Bu aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, yer uchastkalaridan oqilona va samarali foydalanish, shuningdek, fuqarolarga tegishli bo‘lgan turar joylarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda katta ko‘mak bo‘ldi.

Qayd etish joiz, mazkur aksiya 2019 yil 1 mayga qadar davom etadi.

Aksiya davomida farmon qabul qilingan vaqtga qadar qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkalarida yoki imorat qurish uchun ruxsatnoma olmasdan qurilgan turar joyga nisbatan mulk huquqi ushbu ob’yektga o‘z shaxsiy mulki kabi halol, oshkora va uzluksiz egalik qilayotgan shaxsga ayrim shartlar asosida e’tirof etiladi.

Bu shartlar shundan iboratki, ushbu yer uchastkasi (uchastkaning bir qismi) unga qonun hujjatlariga muvofiq turar joy qurish uchun ajratilishi mumkin bo‘lmagan yer maydonida joylashmagan bo‘lishi kerak. O‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat shaharsozlik normalari va qoidalari talablarini buzmayotgan bo‘lishi zarur.

Shuningdek, uning saqlab qolinishi boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzmasligi yoxud fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirmasligi shart.

 

Norgul Abduraimova, O‘zA​​