O‘zgadan emas o‘zingdan ko‘r

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari kirish vizasi talab etilmaydigan mamlakatlardan tashqari, xorijga vaqtincha va doimiy yashashga chiqish uchun chet elga chiqish ruxsat yozuvining yopishtiriladigan stikerini rasmiylashtirishi talab etiladi. Ayrim fuqarolarimiz ushbu qoidani bilsalarda, chiqish uchun viza talab etiladigan davlatlarga qo‘shni respublikalar orqali qonunlarimizni buzib bormoqdalar.

Xususan, farg‘onalik Muxlisa Ikromova (ism-shariflar shartli ravishda o‘zgartirilgan) tengdoshlari kabi hoyu havasga berildi. Chetda ishlab kelib, boy bo‘lish xayollari unga tinchlik bermadi. O‘ylab-o‘ylab qat’iy to‘xtamga keldi va Turkiya davlatining Istanbul shahriga otlandi. Ammo xorijga chiqish uchun hujjatlarni tegishli tartibda rasmiylashtirishdagi "ovoragarchilik"lar unga malol kelib, qonunga xilof ish tutdi.

Muxlisa 2016 yilning noyabr oyida amaldagi qonunchilikka rioya etmay, ya’ni viza ruxsatnomasi olmasdan  Rossiya Federatsiyasidan Istanbul shaxriga yo‘l oladi. Muxlisa bu shahardagi oshxonalarning birida bir yildan ortiq vaqt davomida ishlab, joriy yilning 14 mart kuni yurtimizga qaytadi.

Har qanday qilmishning kun kelib "mis"i chiqishi tayin. M.Ikromovaning qilmishlari Islom Karimov nomidagi xalqaro aeroportning pasport nazorati davomida oshkor bo‘ldi. "Ishbilarmon xonim"ning qilmishlari sudda ko‘rib chiqilib, tegishli jazotayinlandi.

Sherzod Chiniyev, Islom Karimov nomidagi xalqaro aeroportining  jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘limi  tergov bo‘linmasi tergovchisi.