Odamlar nimaga qiziqadi?

Qiziq-a, inson qiziquvchanligining o‘ziga xos ajoyib qonunlari bor. Masalan, ma’lum bir kompaniya kechqurun o‘z vitrinasida oddiy chiroq yordamida o‘ziyurar traktor plugi tasvirini ko‘rsatdi. Ikki yuzga yaqin o‘tkinchi yo‘lakda turib, unga qiziqsinib qaraydi.

Hamma to‘xtaydi va bir necha daqiqa bu noaniq tasvirga hayrat bilan tikiladi, keyin esa mamnun yo‘lida davom etadi. Lekin agar o‘sha paytda uning yonida asfaltda haqiqiy o‘ziyurar plug paydo bo‘lib qolguday bo‘lsa, u uning tomoniga qarab faqatgina - bu yerda qanaqa yirtqich hayvon shang‘lillab sudralib yuribdi ekan, - deb bir ko‘z tashlab qo‘ygan bo‘lardi, - lekin to‘xtab, uning ishini kuzatishni hatto o‘ylamasdi ham.

Bir kuni shahar ekranlarida keyingi saylovlarda qatnashadigan mashhur nomzodlarning kinoportretlarini namoyish qilishdi. Minglab odam ko‘chalarda gavjum bo‘lib, doktor Gerben, doktor Vanek, deputat Votruba va yana kimlarningdir portretlaridan ko‘zlarini uzmasdan tikilib turishardi. Lekin bu olomon ichida to‘satdan doktor Gerben yoki Vanek yoki Vortubaning o‘zi paydo bo‘lib, oldinga o‘tishni istasa, ularga hech kim e’tibor ham bermasdi, hatto yo‘l bermasdan, bezovta qilgani uchun tirsagi bilan turtib ham qo‘yardi.

Siz xohlagan narsangizni garovga qo‘yishingiz mumkin, lekin Vatslav maydonida Milliy muzeyning katta fotosuratini qo‘yganingizdan so‘ng u yerda barcha harakat to‘xtab qoladi – o‘ttiz ming kishilik olomon butun maydonni to‘ldiradi va ikki qadam narida joylashgan va hech kim kirmaydigan va e’tiborsiz qolgan muzey fotosuratini butun vujudi bilan tomosha qila boshlaydi. Yoki ekranda shaxdam qadamlar bilan yurib borayotgan odamni ko‘rsating, shunda odamlar to‘xtab, ekrandagi odam tasvirini ko‘rish uchun boshqa o‘tib borayotgan odamlar yo‘lini to‘sib qo‘yganiga amin bo‘lasiz. Bordi-yu, ekran odami ularning yonida turgan bo‘lsa, ular unga zarracha ham qiziqish ko‘rsatmagan bo‘lardi.

Shu yerda siz darhol insonning qiziquvchanligi qonunlaridan birini ko‘rishingiz mumkin: bunga haqiqat emas, balki tasavvur sabab bo‘ladi: u muayyan narsa yoki vaziyatga qiziqish orqali emas, balki tasavvur ehtiyojidan kelib chiqadi. Qiziquvchiga biror bir narsaning tasavvurdagi ko‘rinishi o‘zidan ko‘ra kuchliroq ta’sir ko‘rsatadi. Vitrinada ostonatosh bo‘lagini qo‘yib, tagiga Visochan shahridan kelgan Goloubkova xonimning oyog‘ini unga urib sindirgani haqida yozuv qoldiring: shunda siz odamlar to‘planishining sababchisi bo‘lasiz: shu bilan birga bechora Goloubkovaning o‘zi hech kimni qiziqtirmaydi. Agar Dlouga ko‘chasidagi 77-uyda besh bolali tikuvchi konservadan zaharlangan bo‘lsa, bir necha ming shahar aholisi ushbu 77-uyni ko‘rish uchun Dlouga ko‘chasini ziyorat qilishga oshiqadi. Ushbu uyning o‘zida hech bir qiziq narsa yo‘q, lekin sodir bo‘lgan voqea munosabati bilan u qiziquvchilarni o‘ziga tortadi.

Branik shahrida yigirma ming kishi soatsozning o‘ldirib ketilgan oilasinnig dafn marosimini tomosha qilish uchun to‘plandi. To‘s-to‘polon tufayli tobutlarni hatto qabrlarga olib borib bo‘lmaydi. Go‘yoki o‘ldirilganlar tobutdan chiqib, barmog‘i bilan qotilni ko‘rsatadigandek. Aslini olganda, bu marosim sil kasalligi yoki buyrak kasalligidan vafot etgan kishining oddiy dafn marosimlaridan farq qilmaydi, biroq unga bo‘lgan qiziqish faqat tasavvur kuchi orqali yuzaga kelgan.

Odatda qiziqish biror bir sababga ko‘ra yangi, g‘ayrioddiy yoki istisno bilan bog‘liq deb aytiladi. Yonimizdan o‘tib ketayotgan oddiygina tramvay hech kimni qiziqtirmaydi: lekin uning yoyi elektrdan chiqib ketgudek bo‘lsa, u darhol qiziqish sababchisi bo‘ladi. Ko‘pincha bahona shunchaki sabab sifatida ro‘kach qilinadi. Haqiqatning normal mexanizmi yaxlit – faqat bizning ruhimiz mexanizmi buzilmoqda.

Qarama-qarshi yo‘lakda bir odamni ko‘rayapsizmi? Aytaylik, u temirchi. Unda hech bir alomat yo‘q, lekin siz unga qiziqmasdan qaramadingiz, negaki, men sizni befarqlik holatidan olib chiqdim va sizning qarashlaringizga oddiy tasavvur elementini qo‘shdim.

Endi o‘zingiz qiziquvchanlik nimanidir o‘rganish zaruratidan emas, aksincha, nimanidir tasavvur qilishdan kelib chiqishi va qiziqarli voqealar sodir bo‘lmasligidan emas, balki qiziqarli g‘oyalar yo‘qligi tufayli rivojlanishining guvohi bo‘ldingiz. Olomon aynan shu sababli juda sinchkov, chunki u o‘ylamaydi.

Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.