Odobnoma: Ko‘zgu
Yosh juvon o‘z onasiga hasrat qildi:
-Onajon, men endi o‘z erimga toqat qilolmayman. U juda o‘zgardi, meni tushunmay qoldi, sira hurmat qilmaydi va doimo so‘kinadi. Balkim, u meni sevmay qo‘ygandir...
-O‘zingchi? O‘zing uni hurmat qilasanmi? Uni tushunasanmi? – so‘radi ona.
-Yana nima qilay! – Qizishib javob berdi qizi. – Erimga g‘azablanish mumkinu, menga esa mumkin emasmi? U menga qanday munosabat qilsa, men ham unga xuddi shunday javob qilaman-da! Axir, u meni tushunmasa, men nega uni tushunishim kerak?
-Unda qizim mo‘’jizalarni kutma. Sen hozir ko‘zguga o‘xshab eringni xatolarini takrorlayapsan. Lekin ko‘zgudan farqli, xotin kishi faqat ko‘rganini emas, ko‘rinmaydiganini ham aks ettiradi. – O‘git qildi ona. – Bilgin, agar ayol yaxshi bo‘lsa, er ham yaxshiroq bo‘lishga urinadi. Agar xotin mehr ko‘rgizsa, eri ham uni sevadi. Xotin eriga o‘zining yaxshi xislatlarini ko‘rishiga yordam berishi kerak.