O‘g‘irlik va bosqinchilik jinoyati bo‘yicha qidiruvda bo‘lgan ikki ayol ushlandi
Toshkent viloyati IIBB 1-mintaqaviy hudud PPX xodimlari tomonidan o‘g‘irlik va bosqinchilik jinoyati bo‘yicha qidiruvda bo‘lgan ikki ayol aniqlanib ushlandi. Bu haqda viloyat IIBB axborot xizmati xabar bermoqda.
2020 yil 4 sentyabr kuni o‘tkazilayotgan qidiruv tadbirlari davomida Jinoyat kodeksining 164-moddasi 2-qismi «v, g» bandlari, 46-moddasida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etib, jazo o‘tashdan bo‘yin tovlab, joriy yil may oyidan qidiruvda bo‘lgan 31 yoshli Ye.B. (ayol) viloyat IIBB 1-mintaqaviy hudud PPX xodimlari safdor O.Normetov va serjant A.A’zamovlar tomonidan aniqlanib ushlandi.
Shuningdek, 10 sentyabr kuni o‘tkazilgan qidiruv tadbir natijasida Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etib, unga tayinlangan jazoni o‘tashdan bosh tortib yurgan qidiruvdagi 25 yoshli N.M. (ayol) Chilonzor tumanida ekanligi aniqlanib ushlandi.
Ushbu shaxslarga qonuniy chora ko‘rilishi uchun hududiy IIBlarga topshirilgan.