Samarqandda firibgarlik jinoyati ko‘paygan, o‘g‘irlik ham. Nega?

Bu haqda viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari – jamoat xavfsizligi xizmati boshlig‘i X.Umarov “Zarafshon” gazetasi va Zarnews.uz muxbiriga ma’lumot berdi va uning oldini olish bo‘yicha fikrlarini bildirdi.

- Shu yilning may oyigacha boshqarmada tunu kun faoliyat yurituvchi «Situatsion» markazga integratsiya qilingan 1400 dan ortiq videokuzatuv kameralari, «Xavfsiz shahar» konsepsiyasini joriy etish maqsadida aholi gavjum joylarda o‘rnatilgan 97 dona (6 donasi yuzni aniqlovchi hamda 91 donasi avto transport vositalari raqamini qayd qiluvchi) 360 darajada harakatlanuvchi «PTZ» rusumli intellektual kameralar yordamida jinoyat sodir etib, sud va tergov organlaridan yashirinib yurgan 108 nafar qidiruvdagi shaxslar ushlangan hamda 3 nafar bedarak yo‘qolgan shaxs aniqlanib, oila a’zolariga topshirilgan, - deydi X.Umarov. - Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan 397 nafar (2022 yil 700 ta) ayolga «himoya orderi» berilib, zo‘ravonlik sodir etgan shaxslar ustidan nazorat o‘rnatildi. Zo‘ravonliklar 297 nafar erkak, 5 nafar kelin, 7 nafar qaynona hamda boshqa 80 nafar kimsalar tomonidan sodir etilgan.

Afsuski, 5 ta «himoya orderi» takroran berildi, o‘rnatilgan cheklovlarga amal qilmasdan, o‘zi uchun to‘g‘ri xulosa chiqarmagan 23 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Hisobot davrida probatsiya hisobida jazoni o‘tayotgan shaxslarga 1717 marta turli xil yordamlar ko‘rsatildi. Jumladan, 541 nafari ishga joylashtirildi, 24 nafarining sog‘lig‘ini tiklashiga, 30 nafariga fuqarolik pasportini olishida ko‘maklashildi, 2 nafari uy-joy bilan ta’minlandi yoki uy-joyi ta’mirlandi, 19 nafariga turli asbob-uskunalar, 5 nafariga tikuv mashinalari berildi hamda 1096 nafariga boshqa yordamlar ko‘rsatildi.

Bu kabi ishlar natijasida qotillik 10 foiz, nomusga tegish 25 foiz, talonchilik 30 foiz, bosqinchilik 66,7 foiz, avto ulovni olib qochish 66,7 foiz, o‘lim bilan bog‘liq yo‘l transport hodisalari 18,6 foizga  kamaydi.

Biroq hamkorlikda olib borilgan ishlar yetarli darajada tashkil etilmaganligi natijasida jamoat xavfsizligini ta’minlash borasida bir qator kamchiliklarga ham yo‘l qo‘yildi. Jumladan, viloyat hududida umumiy jinoyatlar 15,7 foiz, uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar 4,17 foiz, og‘ir turdagi jinoyatlar 45,5 foiz, o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlar 10 foizga oshdi.

Fuqarolarimizning shaxsiy mulkiga va o‘zgalar mulkiga nisbatan beparvoligi, savdo do‘konlari qo‘riqlash pultiga ulanmaganligi, jamoatchilik nazoratining sustligi oqibatida o‘g‘irlik jinoyati 6,1 foiz (179-190 ta)ga ko‘paygan.

Fuqarolarimiz oson yo‘l bilan boyib ketish, o‘qishga, ishga kirish yoxud avtomashina, uy-joy va yer sotib olishda yetarlicha huquqiy bilim va saviyaga ega emasligi, huquqiy targ‘ibot ishlari yuklangan idora va tashkilotlar, jamoatchilik vakillari tomonidan o‘tkazilayotgan targ‘ibot-tashviqot ishlari ham lozim darajada tashkil etilmayotganligi sababli firibgarlik jinoyati 38 foizga oshgan.

- Yuqoridagilardan kelib chiqib, viloyat hududida hamkorlikda jamoat xavfsizligini ta’minlash maqsadida zarur tadbirlarni amalga oshirish kerak, - deya o‘z fikrlarini bildirdi X.Umarov. - Birinchidan, har bir sektor hamda boshqa mutasaddi davlat organlari hamda tashkilot rahbarlarining huquqbuzarliklarning oldini olishda shaxsiy mas’uliyatini oshirish, sodir etilgan jinoyatlarni belgilangan talablar asosida keng jamoatchilik ishtirokida ta’sirli muhokama qilib, manzilli chora-tadbirlarni belgilab borish zarur.

Ikkinchidan, firibgarlik jinoyatlarining oldini olish bo‘yicha (plastik karta kodini aytmaslik, ishga joylashish, o‘qishga kirish va yer ajratish hamda kredit olishda aldanib qolmaslik) ommaviy axborot vositalari imkoniyatlaridan foydalangan holda targ‘ibot tadbirlarini kuchaytirish lozim.

Uchinchidan, probatsiya nazoratida turgan shaxslar tomonidan turli ko‘ngilsiz holatlar, xususan, takroriy jinoyatlar sodir etilishining oldini olish maqsadida mutasaddi tashkilotlar, sud, prokuratura hamda sektor rahbarlari ishtirokida ularning muammolarini o‘rganish va o‘z vaqtida hal etish choralarini ko‘rish kerak. Bunda «Ochiq muloqot» tarzida sayyor qabullar tashkil etish ijobiy samara berishi shubhasiz.