"O‘g‘lim "Jasorat medali" bilan taqdirlanganini gazetada o‘qiganman"
Samarqandning mard o‘g‘loni, leytenant Sayyor Sadinov Surxondaryo viloyati Uzun va Sariosiyo tumanlaridagi jangovar harakatlarda faol ishtirok etib, terrorchilarni yo‘q qilish jarayonida olgan og‘ir jarohati oqibatida qahramonlarcha halok bo‘lgan.
Nurobodlik marhum harbiy xizmatchining onasi Roziya Sadinova o‘g‘lining xotiralarini shunday yodga oladi.
- O‘g‘lim harbiylikka yoshligidan qiziqqani va maqsadlari sari tinmay mehnat qilgani uchun o‘zi orzu qilgan kasb egasi bo‘ldi, - deydi Roziya aya. - Harbiy xizmatdaligidayoq ikki ming askar orasidan merganlik bo‘yicha birinchilikni qo‘lga kiritib, komandirlari e’tiboriga tushdi. U doim yutuqlari va qahramonliklarini bizdan sir tutardi. Hatto "Jasorat medali" bilan taqdirlanganini gazetadan o‘qib bilganman.
Sayyorjonning bu yutuqlari va qahramonliklari bizni qanchalik xursand qilgan bo‘lsa, uning Vatan sarhadlarini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash chog‘ida halok bo‘lgani haqidagi xabar barchamizni qayg‘uga soldi. Uning jasorati, qahramonligi qalbimizda abadiy muhrlandi.
O‘tgan yil farzandimning xotirasini abadiylashtirish maqsadida o‘zi tug‘ilib o‘sgan Girdiqo‘rg‘on mahallasida uning byusti o‘rnatildi. Uning xizmatlari hozirgacha e’tirof etilayotganidan juda xursandman.