“O‘g‘lingiz daho...” Onaning o‘z vaqtidagi to‘g‘ri qarori insoniyatga Tomas Edisondek olimni tuhfa etgandi

Mashhur ixtirochi Tomas Edison bolalik uyidan ko‘char chog‘i bir paytlar kiyimlari saqlangan shkafning yuqorisidan onasining sevimli qizil g‘ilofli jomadonini topib oladi.

Tomas uni ehtiyotkorlik bilan stol ustiga qo‘yib ocharkan eski bir xatga ko‘zi tushadi. Maktub ostiga uning muallimasi imzo chekkan ekan. Bu imzo Tomasga onasi bilan bog‘liq xotirani eslatib yuboradi.

U paytda Tomas birinchi sinfda o‘qirdi. O‘sha kuni u muallima unga onasiga berishi zarurligini tayinlagan maktubni volidasiga keltirib beradi. Xatga ko‘z tashlayotgan onaizorning g‘amgin ko‘zlarida yosh aylanadi. So‘ng farzandini bag‘riga olib xatni o‘qib beradi:  

– “O‘g‘lingiz daho, bu maktab juda kichkina, unga arzigulik biror narsa o‘rgatadigan o‘qituvchilar yo‘q. Iltimos, o‘g‘lingizni olib ketib, o‘zingiz o‘rgating”.

Jomadondan topilgan maktubni Tomas o‘qib hayratga tushadi. Aslida xat bunday yozilgan edi:

– O‘g‘lingiz ruhiy kasal. Biz endi uni maktabda boshqalar bilan o‘rgata olmaymiz. Shuning uchun uni olib ketib, uyda o‘zingiz o‘rgatishingizni tavsiya qilamiz. Hurmat bilan muallima.

O‘tgan asrning tengsiz daholaridan biri Tomas Edisonning kipriklari bexosdan namlanadi. Onasining qanchalar oqila ayol ekaniga yana bir bor amin bo‘ladi.

“Tomas Alva Edison aqli zaif bola edi. Qahramon onasi tufayli u o‘z davrining buyuk daholaridan biriga aylandi. Mening barcha yutuqlarim sababchisi onamdir”, deb yozib qoldirgan Tomas Edison.