O‘g‘lini himoya qilish uchun janjalga aralashgan ota tan jarohati olib vafot etdi

Joriy yilning 22 noyabr kuni soat 16:00 da Husniddin R. Qashqadaryo viloyati Koson tumani, Paxtazor MFYda joylashgan oziq-ovqat mahsulotlari bozorchasi yonida, 24 yoshli fuqaro Mirolim B.ni ko‘rib qolib, o‘rtalarida bo‘lgan o‘zaro adovat sababli unga qasddan tan jarohati yetkazib, undan qasd olish maqsadida ushbu janjalga akalari - 22 yoshli Ruhiddin R., Ozodbek R.lar va boshqalarni jalb qilgan.

Bundan xabar topgan, Mirolim B.ga biron-bir ziyon yetmasligi uchun hodisa joyiga yetib kelgan fuqaro - uning otasi 57 yoshli Mahmud M., akasi 27 yoshli Mirjalol B. va pochchasi, 35 yoshli Jamshid M.lar ushbu janjalning oldini olib, bartaraf qilmoqchi bo‘lgan. Ammo Husniddin R., Ruhiddin R., Ozodbek R. va boshqalar bir guruh bo‘lib, sovuq qurol sifatida foydalanish mumkin bo‘lgan ashyolarni ishlatgan. O‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarib, yaqin qarindoshi bo‘lgan Mirolim B.ni himoya qilgan va janjalning oldini olmoqchi bo‘lgan fuqaro Mahmud M., shuningdek, uning o‘g‘illari Mirjalol B., Mirolim B. va Jamshid M.larning turli joylariga qasddan urib, turli darajada tan jarohatlar yetkazgan.

Oqibatda Mahmud M., Mirjalol B., Mirolim B. va Jamshid M.lar turli darajadagi tan jarohatlari bilan Koson tumani tibbiyot birlashmasiga murojaat qilishgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Dastlabki tergov jarayonida, 2020 yil 8 dekabrda Husniddin R., Ozodbek R. va Ruhiddin R.larga nisbatan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi «b,k,l» bandlari bilan ayblov e’lon qilinib, Husniddin R., Ozodbek R.ga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi, fuqaro Ruhiddin R.ga nisbatan esa “garov” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Shifoxonada ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan, fuqaro Mahmud M. olgan tan jarohati tufayli joriy yilning 11 dekabr kuni vafot etgan.

Jinoyat ishi esa JKning 104-moddasi 2-qismi «b,k,l» bandlaridan JKning 104-moddasi 3-qismi “d” bandiga qayta malakalangan.

Tergov departamenti axborot xizmati xabariga ko‘ra, hozirda jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari davom ettirilmoqda.