Oila farovonligi manbai
Keyingi yillarda aholi tomorqalaridan foydalanish samaradorligini yanada oshirish va mavjud to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha qator tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, kasaba uyushmalari xodimlari hamkor tashkilotlar bilan birgalikda aholi xonadonlarida bo‘lib, tomorqa imkoniyatlari va yerdan foydalanish samaradorligini o‘rganmoqda. Ushbu tadbirning birinchi kunida 7 mingga yaqin xonadon va dehqon xo‘jaliklari xatlovdan o‘tkazilib, 11 mingdan ortiq xo‘jalikda chorvachilik, 30 mingdan ortig‘ida parrandachilik va 312 tasi issiqxona faoliyati bilan shug‘ullanish istagida ekanligini aniqladi. Shuningdek, tomorqa maydonlarining 832,5 gektarida ertagi, 375 gektarida o‘rtachi va 160 gektardan ziyod maydonda to‘qsonbosti ekinlar joylashtirilishi o‘rganildi. Afsuski, yerga egalik qilish bilan undan oqilona foydalanishni bilmaydigan xo‘jaliklar ham topiladi. O‘tkazilgan xatlov natijasida viloyatimiz tumanlarida tomorqadan samarasiz foydalangan 140 nafar yer egasi aniqlanib, ularga yerdan noto‘g‘ri foydalanganlik uchun beriladigan jazo choralari tushuntirildi.
Keyingi yillarda tomorqa xo‘jaliklarini yanada rivojlantirish uchun moliyaviy tomondan qiynalgan oilalarga kredit, urug‘lik, mineral o‘g‘it va boshqa zaruriy jihozlar yetkazib berilmoqda. Ahamiyatlisi, bu sa’y-harakatlar natijasida tomorqadan samarali foydalanish ko‘rsatkichi o‘tgan yili ikki barobarga oshganligi kuzatildi. Tomorqalarda tashkil etilgan issiqxonalar soni o‘n barobar ko‘paydi.
Prezidentimizning 2017 yil 12 sentyabrdagi "Aholining kam ta’minlangan qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga asosan viloyatimizdagi 523 ta kam ta’minlangan oilaga 3 milliard 139 million 800 ming so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratildi.
Bir kunda 7 mingga yaqin xonadon va dehqon xo‘jaliklari xatlovdan o‘tkazilib, 11 mingdan ortiq xo‘jalikda chorvachilik, 30 mingdan ortig‘ida parrandachilik va 312 tasi issiqxona faoliyati bilan shug‘ullanish istagida ekanligi aniqlandi.
Tomorqachilarning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi aholining yerdan samarali foydalanishi va ko‘proq mahsulot yetishtirishiga xizmat qilmoqda. Misol uchun, Paxtachi tumanida yashovchi Azim Jalilovning tomorqa xo‘jaligini boshqalarga ibrat qilib ko‘rsatish mumkin. U 5 sotixli issiqxonada 48 tup limon parvarishlaydi, qator orasiga ekin ekib, yiliga uch marta hosil oladi. Shuningdek, to‘rt yil avval bir quti asalari uyasi olib kelib, tomorqada asalarichilikni ham yo‘lga qo‘ygan. Hozir uyalar soni 30 dan ortdi. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Asosiysi, hozirgacha yerga e’tiborsiz bo‘lgan xonadonlar egalari ham tomorqa qo‘shimcha daromad manbai ekanligini anglab yetmoqda.
Suhrob RAFIQOV,
viloyat kasaba
uyushmalari
tashkilotlari
birlashmasi kengashi raisi.