Oila shunchaki turmush emas

"BOLAM FAQAT PEChENE YeYDI"

Ertalab nonushtaga nima tanovul qilasiz? Bu savol shaxsiy so‘zlashuvga o‘xshab ketadi. Ammo… Uning ijtimoiy tomonlari bor. Shu savol bilan murojaat qilganimizda ko‘pchilikdan "non, choy, sariyog‘, mayiz, yong‘oq (ba’zida), ha, ana boringki, bir bo‘lak kolbasa yoki pishloq", degan javobni oldik. Bu katta so‘rov emas, so‘ralganlarning tanish-bilishlari ham xuddi shunday nonushta qilishini eshitganimizda bu so‘rovning ham qiymati bor, degan to‘xtamga keldik.

Yaqinda Ishtixon tumanidagi qishloqda oila, turmush, sog‘lom ovqatlanish masalalari bo‘yicha o‘rganish ishlarini olib bordik. Yosh onalar bilan suhbatlashdik. Ularning qariyb barchasi farzandi uchun alohida taom tayyorlamasligini aytdi. Bu ham yangilik emas. Ammo qishloq joyda bo‘lsa-da, farzandi sut, qatiq ichmasligini aytganida mutaxassislar bosh chayqab qo‘ydi. Nonushtaga farzandingizga nima berasiz, deganimizda "non, shakar choy", degan javob oldik.

Amerikada istiqomat qiluvchi bir tanishim aytib qoldi. U yerga mamlakatimizdan endigina borgan yosh ona sog‘liqni saqlash muassasasiga bir yoshli farzandini olib borgan ekan. Shifokor undan farzandiga qo‘shimcha qanday ozuqalar berayotganini so‘raganda ona "pechene", deb javob beribdi. Shifokor bu holatdan taajjublanib, bu yoshda bolaga qancha vitaminli ozuqalar, bo‘tqalar berilishi kerakligi haqida onaga obdon tushuncha beribdi.

Afsuski, bugun onalarga bu borada o‘z vaqtida, doimiy ravishda tavsiyalar berilmaydi. To‘g‘risi, patronaj hamshiralarining o‘zlari ham sog‘lom ovqatlanishiga shubhamiz bor.

 

O‘ZI EKIB, O‘ZI YeMAYDI

– Ovqat tarkibida vitaminlar va mikroelementlar yetishmovchiligi onalar va bolalar salomatligiga hamda insoniyat kelajagi uchun katta xavf tug‘diradi, – deydi Respublika gastroenterologlari va nutritsiologlari assotsiatsiyasi Sa­marqand bo‘limi rahbari, tibbiyot fanlari doktori Saydullo Rasulov. – Homilador ayollarda mikronutriyentlar yetishmovchiligi homila va chaqaloq uchun "ikki tomonlama xavf" tug‘diradi. Tug‘ruq yoshidagi ayollarda defitsit holatlar homila va tug‘ruq xastaliklari rivojlanishiga olib keladi. Yo‘ldosh or­qali onadan bolaga mikronutriyentlarning kam o‘tishi va bolani emizish davrida onada mavjud vitaminlar yetishmovchiligi bola rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi va unda ham mikroelementlar tanqisligini chaqiradi. Natijada bolaning turli xastaliklarga moyilligi va kasallikka chalinishi ortadi, bola o‘sish va rivojlanishdan orqada qoladi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va YuNISEF tomonidan qabul qilingan xal­qaro hujjatlarda onalar va bolalar o‘rtasida mikronutriyentlar tanqisligi 30 foizdan ortiq tarqalgan davlatlarda buning oldini olish uchun tezkor tadbirlar o‘tkazish tavsiya etilgan. So‘nggi yillarda olib borilgan ilmiy-tadqiqot ishlari shuni ko‘rsatmoqdaki, Zarafshon vohasida maktab yoshidagi bolalar o‘rtasida hayot uchun eng zarur bo‘lgan mikroelementlar (temir, rux, mis, kobalt, marganets) tanqisligi 40 foizdan 70 foizgacha uchraydi.

Inson salomatligi uchun eng zarur mahsulot bu o‘simliklardir. O‘simliklar tarkibi vitamin va mikroelementlarning tabiiy kompleksidan iborat. Oilada meva-sabzavotlar, yormalarni o‘z o‘rni bilan iste’mol qilish madaniyati shakllantirilishi lozim. Afsuski, sanab o‘tadigan bo‘lsak, sanoqli sabzavotlarni ishlatamiz, qishloq hududlarida yormalardan juda kam foydalaniladi.

Yaqinda Bulung‘ur tumanidagi mahallalardan birida bo‘lganimizda aholi asosan, turli sabzavot ekinlari bilan birga qizil loviya ham ekishini aytdi. Lekin inson organizmi uchun foydali elementlarga boy bu ne’matni umuman iste’mol qilmaganliklarini aytishganida hayron bo‘ldik.

Vitaminlar tanqisligini keltirib chiqarmaslik uchun nonushtaga qaysi mahsulotlarni iste’mol qilish lozim, tushlikka-chi, kechki ovqatga nima yeyish maqsadga muvofiq? Bu bo‘yicha bugun adabiyotlar istalganicha topiladi. Ammo ushbu masalada qishloq hududlarida tibbiyot xodimlarining o‘zlari birinchi nav­batda aholi uchun namuna bo‘lishlari   lozim.

Qolaversa, bugun mahallalar, "Oila" markazlari qoshida yosh oila maktabi, oila dorilfununlari, qaynonalar maktabi kabi qator tuzilmalar tashkil etilgan. Ularda nasihatbozlikdan ko‘ra, oilada sog‘lom ovqatlanish, gigiyena masalalari o‘rtaga tashlansa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

NOTO‘FRI OVQATLANISh O‘LIM KO‘RSATKIChINI OShIRADI

Afsuski, oilalarimizda bolalikdan boshlangan noto‘g‘ri ovqatlanish qarigunimizga qadar davom etadi. Kundalik ratsionimizda parhezbop taomlardan ko‘ra, seryog‘, xamirli taomlar ko‘proq. Har qadamda uchraydigan oshxonalar orasida parhezbop taomlar tayyorlanadigan tamaddixonalar barmoq bilan sanarli. Tabiiyki, ovqatlanishimizning bunday usuli salomatligimizga ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi.

Xalqimiz ovqatlanish ratsionida yog‘ va qandning ulushi yuqori bo‘lib, mikroelementlar, ayniqsa, yod va temir moddasi tanqisligi kuzatilmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, 40 yoshdan 64 yoshgacha bo‘lgan aholining 34 foizini qon aylanish tizimi kasalliklari rivojlanishi bilan o‘n yildan ortiq vaqt xastalanganlar tashkil etadi.

Viloyat endokrinologiya va kardiologiya dispanserlarida ortiqcha vazn, qand­li diabet, yurak qon-tomir kasalliklar, kamqonlik kabi ovqatlanish bilan bog‘liq kasalliklarning statistik ko‘r­satkichlari Kattaqo‘rg‘on shahar, Nurobod, Bulung‘ur, Ishtixon, Narpay, Oqdaryo, Paxtachi, Toyloq, Urgut va Samarqand tumanlarida yildan-yilga oshishi kuzatilmoqda. Demak, bu hududlarda aholining to‘g‘ri ovqatlanishi bo‘yicha ishlar yetarli emas.

Umumiy o‘limning 60 foizi yurak qon-tomir kasalliklari sabablidir. Tabiiyki, bunday ko‘rsatkichlar davlat idoralariga bo‘layotgan murojaatlarda ham o‘z aksini topayotir. Birgina joriy yilda viloyat Xalq qabulxonasiga tushgan murojaatlarning 700 tasi bevosita sog‘liqni saqlash sohasiga tegishli ekan.

Ko‘pchilik sifatli, sog‘lom ovqatlanish katta mablag‘ talab etadi, degan fikrda. Ammo mutaxassislar tomorqadagi ekinlar ko‘paytirilsa, muhimi, ular to‘g‘ri iste’mol qilinsa, ko‘p muammolarning oldi olinadi, degan fikrda.

 

Gulruh MO‘MINOVA,

"Zarafshon" muxbiri