Oilaviy mojaroga uchinchi shaxs aralashsa ma’muriy javobgarlik belgilash kerak(mi?)

Ayni paytda respublika miqyosida 231 ta FHDYo hamda Nikoh uylari faoliyat ko‘rsatib, ularda ming nafardan ziyod xodimlar faoliyat ko‘rsatmoqda. Xotin-qizlar qo‘mitalari hamda FHDYo bo‘limlari bilan hamkorlikdagi ishlar ham ancha yaxshilangani, mamlakatda uzoq yillar davomida nikohi rasmiylashtirilmay yurgan 33 mingdan ziyod oilalarning rasman ushbu idoralarda qayd etilgani, o‘z vaqtida ushbu hujjatga ega bo‘lmagan 29 ming nafar bolalarga tug‘ilganlik haqida guvohnomalar berilgani ijobiy ko‘rsatkich. Ammo…

Samarqandda o‘tkazilgan “FHDYo organlari faoliyatida qonuniylik va qonun hujjatlariga rioya etishni ta’minlash, FHDYo organlarining oilani mustahkamlash, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash va oilalar ajralishlarining oldini olish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishda faol ishtiroki: muammo va yechimlar» mavzusidagi respublika seminarida shu masalalar muhokama etildi.

Yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda viloyatlarda faoliyat ko‘rsatayotgan FHDYo bo‘limi mudiralari, Samarqand viloyatidagi shahar va tuman xotin-qizlar qo‘mitalari raislari, «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazlari vakillari ishtirok etdi. O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E.Bositxonova so‘zga chiqib, sohaga doir hamkorlikni rivojlantirish masalalariga to‘xtaldi.

- Ijobiy ko‘rsatkichlar bilan bir qatorda hali yoshlarni turmushga tayyorlash, oilaviy ajralishlarning oldini olish borasidagi ishlarimiz yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagan, - dedi E.Bositxonova. – Xususan, ushbu tuzilmalar qoshida tashkil etilgan «Oila quruvchilar maktabi»  faoliyatida umuman yangi usullar qo‘llanilmaydi. Shuning uchun FHDYo bo‘limlari faoliyatini yanada takomillashtirish, ularning vazifa va maqomlarini belgilab berish lozim.

Anjuman doirasida FHDYo bo‘limlarini takomillashtirish uchun aniq takliflar aytildi. Shuningdek, oilaviy ajralishlarning oldini olish borasida taklif, mulohazalar bildirildi. Xususan, oilaviy ajralishlarda uchinchi shaxs aralashuvining ko‘payganligi, bu holatda mavjud qonunchilikka ko‘ra, ushbu shaxsga ma’muriy javobgarlikka tortish taklifi kiritildi. O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlarda istiqomat qilayotgan fuqarolariga nisabatan fuqarolik holati bilan bog‘liq harakatlar soddalashtirilmaganligi tilga olindi.

Seminar davomida Oliy sud sudyalari, Sog‘liqni saqlash vaziriligi vakillari so‘zga chiqib, hamkorlikdagi ishlar yuzasidan o‘z takliflarini bildirdi.

Gulruh MO‘MINOVA.