Oilaviy nodavlat bog‘chalarga yangi tartibda subsidiya ajratish jarayoni boshlandi

Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 2 avgustdagi “Maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklik munosabatlarini zamonaviy raqamli texnologiyalar yordamida soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, oilaviy nodavlat bog‘chalariga davlat byudjetidan ajratilayotgan subsidiya mablag‘larini maqsadli ishlatish ustidan nazorat mexanizmi yaratilganligi haqida ma’lum qilgan edik.

2022 yil 1 sentyabrdan boshlab joriy etilgan yangi tizim orqali tarbiyachi va tarbiyachi-yordamchilarga ish haqi xarajatlarini qoplash uchun subsidiya jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va boshqa ajratmalar ushlangandan so‘ng, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ushbu xodimlarning plastik kartasiga, oziq-ovqat xarajatlarini qoplash, yumshoq jihozlar va dori vositalari xarajatlarini qoplash uchun subsidiyalar oilaviy MTT (YaTT)ning tijorat bankidagi hisobvarag‘iga o‘tkazib berilmoqda.

Joriy yil sentyabr oyi uchun oilaviy hamda ayrim davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat MTTlarga ajratiladigan subsidiya miqdorlarini aniqlashda sentyabr oyining oxirgi besh ish kunidagi tarbiyalanuvchilarning Nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini boshqarish axborot tizimi (NMTTBAT)dagi elektron davomat o‘rtacha ko‘rsatkichlari oylik davomati sifatida inobatga olinadi va shunga mos ravishda byudjet subsidiyalari hisob-kitob qilinib, moliyalashtiriladi.

Shuningdek, sentyabr oyi davomida davomatni to‘liq yuritgan hamda davomat ko‘rsatkichi oxirgi besh ish kunidagi o‘rtacha davomatdan yuqori bo‘lgan davlat-xususiy sheriklik asosidagi MTTlariga butun oy davomida yuritilgan haqiqiy davomatdan kelib chiqib byudjet subsidiyalari hisoblanadi.

Joriy yil sentyabr va oktyabr oylarida NMTTBATda elektron davomat yuritgan oilaviy hamda ayrim davlat-xususiy sheriklik asosidagi NMTTlarning NMTTBATga kiritilgan (ro‘yxatga olingan) xodimlariga sentyabr oyi uchun to‘liq ish haqi hisoblanib, moliyalashtiriladi.

Bugungi kunda oilaviy hamda ayrim davlat-xususiy sheriklik asosidagi NMTTlar xodimlarining sentyabr oyi uchun hisoblangan ish haqi "Agrobank"dan ochilgan va tizimga kiritilgan plastik karta raqamlariga to‘liq to‘lab berilmoqda.

Shuni ta’kidlab o‘tish joizki, tizimga kiritilgan xodimlar ma’lumotlarini tekshirish natijasida respublika bo‘yicha 16 mingdan ortiq xodimning bank plastik karta raqamlari tizimga kiritilmaganligi aniqlandi. Shuning uchun tezda xodimlarga ochilgan plastik raqami tizimda chiqmasa, Sizdan plastik kartangiz ochilgan bank filiali MFOsi hamda xodimning ma’lumotlarini o‘zgartirish oynasidagi bank MFOsi mosligini tekshirish, tadbirkorlar plastik kartasi kiritilmagan xodimlarning kartalarini tizimga xatosiz kiritish,

plastik karta ochish bo‘yicha xabar bormagan va axborot tizimida (NMTTBAT) xodimning plastik kartasi mavjud bo‘lmaganlar yangi plastik karta olishi zarurligini so‘rab qolamiz.

Ma’lumot uchun: "Agrobank" plastik kartasi bepul ochib berilmoqda. Filial xodimi tomonidan karta taqdim etish uchun to‘lov talab qilinsa, "Agrobank"ning ishonch telefoniga (71-203-88-88) murojaat qilish tavsiya etiladi.

Bundan tashqari, bank rekvizitlari xato bo‘lgan MTTlarning to‘lov topshiriqnomalari bankdan xato bo‘lib qaytib kelmoqda.

Shuning uchun tadbirkorlardan nodavlat-bogcha.uz dasturida bank rekvizitlarini tekshirishini, xatolik aniqlanganida hisob-raqam o‘zgartirish menyusida ma’lumotlarni kiritib ERI kalit bilan tasdiqlashlari zarur.

Bosqichma-bosqich moliyalashtirish davrida xatolik to‘g‘rilangan va karta ma’lumotlari to‘liq kiritilgan xodimlarning ish haqi summalari ma’lumot to‘g‘rilangan kundan keyingi bank ish kunida xodimning bank plastik kartasiga o‘tkazib beriladi.

Baxtiyor Mamirov,

Samarqand viloyati maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari.