Oilaviy poliklinikalarda nima uchun fitobarlar tashkil qilindi?

Immunitet zaiflashishi — salomatlik uchun jiddiy xatar. Bunda organizmning turli kasalliklarga qarshi kurashish qobiliyati susayadi. Tanamiz o‘zini o‘zi himoya qilish funksiyasini to‘laqonli ado eta olmay qoladi.

Shu bois hozir dunyoda beziyon muolaja usullarini qo‘llashga ehtiyoj keskin oshgan. Bir tomondan, ayni shu yo‘nalishda yangidan yangi tadqiqotlar olib borilayotgan bo‘lsa, boshqa tomondan, bu borada yaratilgan boy ilmiy-amaliy meros, xususan, buyuk hakim bobomiz Abu Ali Ibn Sino asarlaridan keng foydalanilyapti.

Zero, o‘tgan asrning 40 yillariga qadar jahon bo‘yicha dori-darmonlar bilan davolash asoratlaridan bor-yo‘g‘i 0,5-1,5 foiz bemorlar aziyat chekkan bo‘lsa, hozirga kelib bu ko‘rsatkich 15-30 foizni tashkil qilayotgani achinarli.

Xo‘sh, yurtimizda mazkur muammoga qarshi qanday amaliy yechimlar belgilangan?

Ochiq muloqotdan keyin ochilgan yo‘l Davlatimiz rahbari 2022 yil 18 mart kuni tibbiyot xodimlari bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda oilaviy shifokorlarga kasalligi yengil bo‘lgan bemorlarni dori bilan emas, immunitetni ko‘taradigan tabiiy vositalar, jismoniy mashq va fitoterapiya bilan davolashni o‘rgatish muhimligini ta’kidlagandi.

Chunki xalq tabobatining sinalgan usullarini zamonaviy tibbiyotga integratsiya qilish orqali davolash tizimi natijadorligini yanada oshirish mumkin. Har bir poliklinikada xalq tabobati xonalari, fitobarlar tashkil etish tashabbusi ham xuddi shu ochiq muloqotda ilgari surilgandi.

Oradan qariyb ikki yil o‘tib, aniqrog‘i, joriy yil 5 fevral kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida Prezident yana shu masalaga qaytdi. Unda har bir mahallada fitobarlar, dorixonalarda fitoburchaklar tashkil qilish, xalq tabobati bo‘yicha qisqa kurslar o‘tkazish, uy sharoitida qilinadigan mashqlar dasturi va sog‘lom ovqatlanish menyusini ishlab chiqish muhimligi ta’kidlandi.

Uzoq kutilgan qaror

Ochiq muloqot ko‘p yangiliklar uchun yo‘l ochdi. O‘sha yig‘ilishdan ko‘p o‘tmay, “Dorivor o‘simliklarni madaniy holda yetishtirish va qayta ishlash hamda davolashda ulardan keng foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Hujjatdan davlat tibbiyot muassasalari, jumladan, har bir poliklinikada dorivor o‘simliklar vositasida davolashga mo‘ljallangan xalq tabobati xonalari va fitobarlar tashkil qilish bilan bog‘liq chora-tadbirlar o‘rin oldi. Shu asnoda Sog‘liqni saqlash vazirligi 2022 yil 1 iyundan samarasi isbotlangan dorivor o‘simliklarni bosqichma-bosqich tibbiy yordam ko‘rsatish standartlari va protokollariga kiritish topshirig‘i ijrosiga kirishdi.

Bunda vazirlik tomonidan yangi yaratilgan hamda ishlab chiqarishga joriy etilgan dori vositalarining tibbiyot amaliyotida keng qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida klinik protokollar, diagnostika hamda kasalliklarni davolash standartlari har olti oyda qayta ko‘rib chiqilishi belgilandi.

Barcha davlat tibbiyot ta’lim muassasalarida dorivor o‘simliklar va xalq tabobati bo‘yicha ta’lim berishga yo‘naltirilgan kafedralarni tashkil etish jarayoni boshlandi. O‘z navbatida, shifokorlarni dorivor o‘simliklar va xalq tabobati usullari asosida davolash bo‘yicha qayta tayyorlash, ixtisoslashtirish hamda terapevt, umumiy amaliyot va oilaviy shifokorlarni tayyorlashda chuqurlashtirilgan o‘qitish yo‘lga qo‘yildi.

Toshkent tibbiyot akademiyasining klinikasi qoshida Respublika xalq tabobati ilmiy-amaliy markazining 40 o‘rinli davolash bo‘limi va hududlarda filiallari ochildi. Shuningdek, 2022 yil 1 sentyabrdan xalq tabobatini keng targ‘ib qilish maqsadida “Ibn Sino ilmining bilimdonlari” tanlovini o‘tkazish an’anaga aylandi.

Fitoterapiya qaysi kasalliklarda samara beradi?

Shifobaxsh giyohlar qadimdan tibbiy muolajalarning asosiy quroli bo‘lib kelgan. Zamonaviy tibbiyotda ham dori preparatlarining 45 foizi o‘simliklardan ajratib olinadi.

Fitoterapiyada har bir o‘simlik o‘ziga xos tarzda og‘riqni qoldiruvchi, tetiklashtiruvchi, tinchlantiruvchi, yurak faoliyatini yaxshilovchi, gipotenziya va gipertenziya, yallig‘lanishga qarshi, balg‘am ko‘chiruvchi va terlatuvchi kabi qator ta’sirlarga ega. Ayniqsa, ishtaha ochish, ovqat hazm qilish va ich surishda samarali qo‘llanib kelinmoqda. Bundan tashqari, qon ketishi va ivishini kamaytiruvchi, bakteriyalarni o‘ldiruvchi fitoterapiya mahsulotlari ham keng foydalaniladi.

Bugungi kunda fitoteratsiyaning shifobaxsh xususiyatlari qator kasalliklarni davolashda qo‘l kelmoqda. Gastrit, oshqozon va o‘n ikki barmoqli ichak yarasi, xoletsistit, kolit va enterokolit, piyelonefrit, neyrotsirkulyar distoniya, nevroz va asteniya shular jumlasidan.

Shifobaxsh giyohlar moddalar almashinuvi va qon tarkibidagi xolesterin miqdorini me’yorlashtirishi ma’lum. Qolaversa, arterial qon bosimi bir me’yorda bo‘lishi, yurak va bosh miyada qon aylanishi yaxshilanishi, asablar bo‘shashib, uyqusizlik bartaraf etilishi ham fitoterapiyaning ijobiy samaralaridan.

Iste’mol qilinadigan ko‘katlar va ziravorlar organizmga qo‘shimcha quvvat beradi. Agar fitoterapiya o‘z o‘rnida qo‘llanilsa, qo‘shimcha muolaja sifatida rivojlanish xavfi bo‘lgan kasalliklarni boshlanmasdan avval bartaraf etish mumkin.

Menyuda nimalar bor?

Sog‘lomlashtirish markazlari, fitnes klublari, sanatoriylar va turli klinikalarda fitobarlarni uchratish mumkin. Endi ular safida birlamchi tibbiyot muassasalari, chunonchi, oilaviy poliklinikalar ham bor.

Fitobarlarda taklif qilinayotgan ichimliklarning barchasi shifobaxsh o‘simliklardan tayyorlanadi. Buning texnologiyasi qadimiy va zamonaviy usullar uyg‘unlashuviga asoslangan.

Hozir poliklinikalar fitobarlaridan quyidagi mahsulotlarni topish mumkin:

 - o‘simlik choylari;

 - yangi siqilgan sharbatlar;

 - mineral suv;

 - malham dorilar;

 - damlamalar;

 - kislorodli kokteyllar.

Ushbu ichimliklarning asosiy vazifasi tanadagi tabiiy jarayonlarni faollashtirish uchun uni foydali moddalar hamda vitaminlar bilan to‘yintirishdan iborat. Masalan, fitobarlar menyusida, albatta, choylar mavjud va ular turlicha:

Fermentsiz (oq) choylar C va B vitaminlari manbai, immunitetni mustahkamlaydi, ovqat hazm qilishni yaxshilaydi, R vitaminiga boyligi tufayli yurak-qon tomir tizimiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Nimfermentlangan (yashil) choylar.

Yarimfermentlangan (binafsha, qizil, sariq, ko‘kish) choylar.

Fermentli (qora) choylar.

Biror choyni iste’mol qilishdan avval, albatta, mutaxassis bilan maslahatlashish zarur.

Kislorodli kokteyllar kislorod bilan to‘yintirilgan sharbatlardir. Ko‘pik hosil qilish uchun jelatin, tuxum oqi, qizilmiya ildizi va boshqa aralashmalar ishlatilishi mumkin. Ko‘pincha kokteyllarga vitaminli qo‘shimchalar ham aralashtiriladi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu kokteyllar tanani tetiklashtirish xususiyatiga ega, charchoqni ketkazadi, metabolizmni yaxshilaydi, gipoksiyadan xalos etadi, ya’ni kislorod bilan to‘yingan tana ko‘pgina dardlardan xalos bo‘ladi.

Garchi bu sharbatu malhamlar tabiiy mahsulotlar, shifobaxsh o‘simliklardan tayyorlansa-da, har bir organizm individual xususiyatga ega ekanligini unutmaslik lozim. Qolaversa, har ishda me’yor bo‘lgani ma’qul. Jumladan, sog‘lik va immunitetni mustahkamlashda ham!

Shu sababli mutaxassislar fitobarga tashrif buyurishdan avval shifokor tekshiruvidan o‘tishni maslahat berishadi. Shundan so‘ng tavsiya etilgan ichimliklarni iste’mol qilish maqsadga muvofiq, deya xabar beradi Sog‘liqni saqlash vazirligi.