Olchin qishlog‘ida tug‘ilgan qahramon haqida nimalarni bilasiz?

Ushbu maqolani yozishdan maqsadimiz nima ekanini aytishdan avval Olchin qishlog‘i haqida to‘xtalsak.

Samarqand va Navoiy viloyatlari hududlarida bu nom bilan ataladigan qishloqlar ko‘p. Masalan, Oqdaryo, Samarqand, Payariq, shuningdek, Karmana, Xatirchi tumanlarida Olchin qishlog‘i bor. Ammo ularning ayrimlari tarixiy emas. Biz u haqda ma’lumot to‘plashni istayotgan qahramon esa tarixiy shaxs. Aniqrog‘i, XVI-XVII asrda yashagan qahramon – Bahodir Yalangto‘sh. Ya’ni, Samarqand shahriga ko‘rk berib turgan Registon maydonining muallifi, bunyodkori va o‘sha davrdagi Samarqand shahar hokimi.

Uning asl ismi Abdulkarim bo‘lib, rasmiy hujjatlarda Nizomiddin Yalangto‘shbiy Otaliq nomi bilan yorliq berilgan. Otasi – Boyxo‘ja. Bahodir Yalangto‘shning uch farzandi bo‘lib, Iqlimabonu, Oybibi va Boybek. Afsuski, o‘g‘li yoshligida vafot etgan.

Bahodir Yalangto‘shning hayoti va faoliyati o‘sha davr kitoblarida juda kam targ‘ib qilingan. Ayrim tarixiy manbalarda yozilishicha, Yalangto‘sh yoshligidan Buxoro hukmdori Dinmuhammad ko‘magida madrasada diniy va dunyoviy hamda harbiy sohalarda mukammal saboq olgan. 1593 yilda 17 yoshida Olchin urug‘i biyi etib tayinlangan. 

Yalangto‘sh 1611-1612 yillarda Vali Muhammadxon va Ashtarxoniylar hukmdori Imomqulixon o‘rtasidagi siyosatlarga va birmuncha ziddiyatlarga aralashib qoladi. U Imomqulixonning ishonchiga sazovor bo‘lgach, qo‘llab-quvvatlashi natijasida Samarqand amiri va keyinroq otaliq maqomiga ega bo‘ladi.

Yalangto‘sh Buxoro xonligining harbiy harakatlarida faol qatnashib, 1623-1631 yil Fors qo‘shini Balx viloyatiga yurish qilganda Balx hokimi Nodir Muhammadxonga yaqindan yordam beradi. Shu bois Nodir Muhammadxon unga Qobul atrofidan bir qator qabilalarni in’om etgan. Shuningdek, u Imomqulixon askarlariga bosh bo‘lib, Toshkent va Turkistonni egallaydi va tez orada katta shuhrat qozonadi.

Sharqiy Turkistonning shimoliy qismida yashovchi jung‘orlar Yettisuv va Sirdaryoni bosib olish orqali rus o‘lkalari va Markaziy Osiyoni bog‘lovchi savdo yo‘llariga egalik qilish bilan kelgusida boshqa yurtlarga harbiy yurishlar boshlashni ko‘zda tutardi. Shu bois XVII asrning ikkinchi choragidan hozirgi Qozog‘iston hududiga Xitoyning g‘arbiy yerlaridan kelgan jung‘orlarning ayovsiz bosqini kuchayadi.

Qozoq biylari o‘zbek hukmdorlari bilan birlashib, tashqi dushmanga qarshi kurashish yo‘lini tutadi. Yalangto‘sh 1640 yili 10 ming sonli qo‘shini bilan jung‘orlarga hujum qilib, ularni chekinishga majbur qiladi. Ikkinchi va uchinchi hujumlarda esa 30 ming sonli askari bilan qozoq qardoshlarga yordam berib, jung‘orlarni Olma-ota hududlariga qadar uloqtiradi. Oxirgi marta ham Bahodir Yalangto‘shning 20 ming sonli qo‘shini dushman qo‘shini ortidan qaqshatqich zarba berib, urush taqdirini o‘z foydasiga hal qilgan.

Yalangto‘sh Samarqandning gullab-yashnashi, ilm-fan rivoji, xalq farovonligi, madaniyati yuksalishi va barqarorligi uchun harakat qilgan.

Buning yorqin misoli Sharq gavhari bo‘lgan Registon majmuasidir. Registon maydoniga ko‘rk berib turgan Sherdor (1619-1638 yillar), Tillakori (1649-1659 yillar) madrasalarining qurilishi XVII asrda Samarqand shahar hokimi bo‘lgan Bahodir Yalangto‘sh nomi bilan bog‘liq.

Biz o‘qigan, biz bilmoqchi bo‘lgan qahramon – Bahodir Yalangto‘sh tug‘ilgan go‘sha Xatirchining Olchini deb taxmin qilinadi. Ammo qaysi hududda tug‘ilganidan qat’i nazar, bizning bunyodkor ajdodimizdir.

O‘tgan yil Samarqand shahrida «Bahodir Yalangto‘shning Markaziy Osiyo ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayotida tutgan o‘rni» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Ushbu nufuzli anjuman xulosasida Bahodir Yalangto‘sh haqida tadqiqot ishlarini keng yo‘lga qo‘yish, ulug‘ ajdodimizni xalqqa yaqindan tanitish zarurligi ta’kidlandi. Shundan kelib chiqib, biz u haqda eshitgan, bilgan, ayniqsa Olchin qishlog‘ida yashovchi kishilar, ziyolilar, nuroniylar bilan uchrashib, Yalangto‘sh haqidagi ma’lumotlarni kengaytirish maqsadida ekspeditsiya uyushtirdik.

To‘g‘ri, oradan besh asrdan ko‘proq vaqt o‘tdi. Bugungacha uning avlodlari bor yo yo‘qligini bilmaymiz. Ammo ulug‘ shajara haqida to‘liqroq ma’lumot to‘plashdan umidvormiz. Maqsadimiz Bahodir Yalangto‘shning o‘lmas siymosini tiklash. Bu borada bizga biror ma’lumot yetkazmoqchi bo‘lganlar 93 991-31-22, 97 405-67-80, 97 286-86-40 raqamli telefonlarga qo‘ng‘iroq qilishlari mumkin.

Jumaqul KARIM.