"Oldiga qo‘yganni yemak..." ovqatdan zaharlanishga sabab bo‘lishi mumkin
Bunday holatlarga ovqatlanish maskanlarining sanitariya-gigiyena talablariga muvofiq ish yuritmasligi hamda aholining oziq-ovqat mahsulotlarini belgilanmagan joylardan sotib olishi ham sabab bo‘lmoqda. Shu bois viloyat, shahar, tuman davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazlari mutaxassislari ovqatdan zaharlanishning oldini olish borasida aholi o‘rtasida profilaktik tadbirlarni tashkil etib kelmoqda.
Bundan tashqari, o‘rganishlar natijasida sifatsiz deb topilgan 245 kilogramm go‘sht va go‘sht mahsulotlari, 300 litr sut, 1 ming 137 kilogramm meva-sabzavotlar, 800 litr uy sharoitida tayyorlangan konserva mahsulotlari, jami 4 ming 845 kilogramm oziq-ovqat mahsulotlari aholi iste’molidan olinib, belgilangan tartibda yo‘q qilindi.
Aytish kerakki, ovqatdan zaharlanish holati og‘ir asoratlarga olib kelishi bilan xavflidir. Unga e’tiborsiz bo‘lish, o‘z vaqtida shifokorga ko‘rinmaslik inson salomatligiga jiddiy putur yetkazadi. Ovqatdan zaharlanish holatlarining oldini olish uchun har bir inson o‘zi iste’mol qilayotgan oziq-ovqatiga e’tiborli bo‘lishi lozim. Avvalambor, ko‘chada va belgilanmagan joylarda noqonuniy ravishda, tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan fuqarolar tomonidan sotilayotgan tayyor oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olmaslik kerak. Umumiy ovqatlanish joylarida qo‘l yuvish uchun sharoit yaratilgan, gigiyena vositalari bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak. Ko‘chadagi ovqatlanish maskanlarida tanovul qilmoqchi bo‘lgan kishilar o‘sha joyning oshxonasiga ham e’tibor qaratsa, bunday jamoatchilik nazorati turli salbiy holatlarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etardi.
O.BOYQOBILOV,
viloyat DSENM bosh vrachi.