Olima, ustoz, shifokor

Nilufar Xushvaqtova Samarqand davlat tibbiyot institutini bitirgach, bolalardagi xastaliklarni chuqurroq o‘rganishga, tadqiq etishga kirishdi. Mamlakatimizda tibbiy sohaga qaratilgan e’tibor, aholi salomatligini mustahkamlashga bo‘lgan g‘amxo‘rliklar sohada zamonaviy intilishlarni ro‘yobga chiqarishga yo‘l ochgandi. Shu bois bo‘lg‘usi olima va shifokor ustozlari yo‘l-yo‘riqlariga amal qilib, o‘qidi, o‘rgandi, tajriba orttirdi. Natijada 2001 yilda nomzodlik, 2016 yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi.
Viloyat ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonasida ish olib borish bilan birga, Samarqand davlat tibbiyot instituti lor kafedrasi mudiri bo‘lgan N.Xushvaqtova mehnat faoliyati davomida bir necha bor xalqaro miqyosdagi ilmiy-amaliy anjumanlarda va otorinolaringologlar kongresslarida ilmiy chiqishlari bilan ishtirok etdi. Bundan tashqari olima O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Fan va o‘quv yurtlari bosh boshqarmasi tomonidan tasdiqlangan 6 ta ratsionalizatorlik taklifiga, 2 ta patentga ega bo‘ldi.

– Prezidentimiz tashabbusi bilan 2018 yil – Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili, deb e’lon qilinganligi biz, shifokor va olimlarni ham faollikka undadi. Shu ma’noda, o‘quv jarayonida yangi texnologiyalar, interfaol usullar va elektron o‘qitish vositalarini qo‘llab kelmoqdamiz, – deydi Nilufar Xushvaqtova. – Jumladan, bolalarda irsiy nosindromal neyrosenor garanglikni erta aniqlashda test tizimini ishlab chiqish granti ustida olib borayotgan ilmiy izlanishimiz natijasi o‘laroq 2018 yilning boshida mazkur grantni yutib oldik. Bunda shubhasiz, institutimiz rahbariyati bizga katta amaliy ko‘mak berdi. Endilikda bu ishlarni kengroq miqyosda olib borib, kasallik amaliy jihatdan yanada chuqurroq tadqiq etiladi. Bu esa ushbu xastalikka chalingan bolalarni davolashda muhim ahamiyatga ega.

Aminjon FAFFOROV.