O‘limidan keyin tanasi chirimaydigan odamlar
Shunday hodisalar ma’lum: inson ruhiy amaliyotda o‘zini hushsiz holatga tushirib, yillab shu tarzda turgan. Kimdir esa o‘nlab yillardan keyin “qaytishni” mo‘ljallagan. O‘limdan oldin hushsiz holat meditatsiyaga tushish qobiliyatiga ega inson vafot etgandan so‘ng ham tanasi chirimasdan saqlanar ekan, deb yozadi “AiF” (2021 y. 25-son) rossiyalik olimlar tadqiqotlariga asoslanib.
“75 yildan keyin qaytaman”
Ruhiy amaliyot bilan o‘zini hushsiz holatga tushirgan odamlar tarixdan ma’lum. VIII-IX asrlarda Yaponiyada diniy arbob Kukay yashagan. 61 yoshida u yeyish-ichishdan voz kechib meditatsiyaga cho‘mgan. 21-kuni uning nafas olishi to‘xtagan. Shogirdlari uni Koya-san tog‘ cho‘qqisiga dafn etishgan. Ancha vaqt o‘tganidan keyin uning qabrini ochishgan... Kukayning tanasi tirikligida qanday bo‘lsa, shunday saqlangandi.
Shimoliy Vetnamdagi Dau budda ibodatxonasi ruhoniysi Vu Kkak Min umrining oxirida ro‘za tutib, chuqur meditatsiyaga cho‘mgan. U shogirdlariga ibodat nog‘orasi so‘nggi marta chalinganida xabar olishlarini tayinlagan. Nog‘ora so‘nggi marta chalinganidan xabar olgan shogirdlari uni o‘tirgan holda dunyodan o‘tganini ko‘rishgan va jasadini kumushrangga bo‘yab ibodatxonaga qo‘yishgan. XX asrda uni rentgenda tekshirishganda suyaklari va ichki a’zolari tirikligida qanday bo‘lsa, shunday turganini ko‘rishgan.
Shunday hodisa Buryatiyada ham ro‘y bergan. Lama Xambo 1911 yil martda buryat buddistlari boshlig‘i qilib saylangan, 1927 yilda u 75 yoshga kirganida shogirdlarini yig‘ib: “Men yoshimni yashadim, 30 yildan keyin xabar oling, tanam qay holatda bo‘larkan? 75 yildan keyin esa huzuringizga qaytaman”, degan. Shundan so‘ng Xambo Lama meditatsiya – hushsizlik holatiga cho‘mgan. Shogirdlari kedr yog‘ochidan yasalgan qutiga uni joylashtirib, ikki metr chuqurlikka ko‘mishgan. 1955 yilda monaxlar undan xabar olishgan va qutini ochib, uning tanasi qanday bo‘lsa, chirimasdan shunday turganligini ko‘rishgan. Uning bo‘g‘inlari odatdagidek harakatlangan, terisi mayinligicha turgan. Xambo-lamaning kiyimlarini almashtirib yana ko‘mishgan.
Xuddi shu tadbir 1973 yilda ham o‘tkazilgan. 2002 yil oradan 75 yil o‘tgach, Xambo-Lama va’da berganidek qaytgan. Jasadni qutidan olishib, tantanali ravishda Ivolgin monstiriga keltirishgan. U yerda uning sharafiga “Abadiyat qasri” barpo etilgan. U yerda Xambo-lama tirikligida qanday bo‘lsa, hozir ham shunday turibdi.
T.Shomurodov tayyorladi.