Olimlar yadro urushidan qaysi davlatlarda omon qolish ehtimoli yuqori ekanini aniqlashdi

Yadro urushini faraz qiladigan bo‘lsak, Avstraliya va Argentina uning oqibatlari bilan yaxshi kurashadi. AQShning Nyu-Jersi shtatidagi Ratgers universiteti olimlari Nature Food jurnalida chop etilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra shunday xulosaga kelishdi.

Mutaxassislar yadroviy mojaroning nazariy ssenariysini modellashtirishdi. Ularga ko‘ra, shaharlar va sanoat markazlariga tashlangan atom bombalari dahshatli yong‘in bo‘ronlarini keltirib chiqaradi, yong‘in zarralari chiqindisi tufayli dunyo atmosferasi ifloslanadi. Bu iqlim o‘zgarishiga olib keladi va quruqlikda, okeanlarda oziq-ovqat zaxiralarini yo‘q qiladi.

“Agar atmosferaga 150 teragram (165 million tonna) dan ortiq qurum chiqsa, apokalipsisdan 3-4 yil o‘tgach, g‘alla iste’moli qariyb 90 foizga kamayadi”, deb bashorat qilmoqda ekspertlar.

Mutaxassislar tomonidan chop etilgan xaritalar shuni ko‘rsatadiki, Avstraliya va Argentina atmosferaga eng ko‘p miqdordagi qurum chiqindilari bilan ham optimal oziq-ovqat iste’molini saqlab turishi mumkin.

"Yangi Zelandiya ham boshqa davlatlarga qaraganda nisbatan kamroq ta’sirga ega bo‘ladi. Ammo bu ssenariy ro‘y bersa, mintaqa oziq-ovqat tanqisligidan aziyat chekayotgan Osiyo va boshqa mamlakatlar qochqinlari oqimiga duch keladi", - deyiladi maqolada.

Tajriba davomida ekspertlar real davlatlar o‘rtasidagi ehtimoliy mojarolar oqibatlarini hisoblab chiqdi. Masalan, Rossiya va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasida keng ko‘lamli yadro urushi sodir bo‘lgan taqdirda, besh milliarddan ortiq odam halok bo‘lishi mumkin. Sayyorani yadro qishi qoplaydi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin, fevral oyida Ukrainada maxsus harbiy operatsiya boshlanganidan bir necha kun o‘tib, yadroviy qurolni o‘z ichiga olgan strategik to‘xtatuvchi kuchlarni maxsus shay holatga keltirdi. Vaholanki, Kreml bundan foydalanish niyati Moskvada yo‘qligini bir necha bor ta’kidlagan.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov esa aprel oyida yadro urushining “o‘ta jiddiy” xavflari haqida gapirib, Moskvaning prinsipial pozitsiyasi bunday qurollardan foydalanmaslik ekanligini aytgandi.

G.Xoldorova tayyorladi.