Olimpiada chempionlari o‘z davlatlarida qanday rag‘batlantiriladi?
Katta g‘alabalar bilan qaytgan Olimpiada va paralimpiada ishtirokchilari o‘z ona yurtlarida turlicha kutib olinadi. Kazinform agentligi muxbiri dunyoning turli mamlakatlaridagi sportchilarga Olimpiya o‘yinlari medallari uchun qanday mukofotlar to‘lanishini aniqladi.
2024 yilda ba’zi sport tashkilotlari birinchi marta sportchilarni mukofotlashga qaror qildi. Misol uchun, “World Athletics” (Jahon yengil atletika federatsiyasi) barcha oltin medallar sohiblariga 50 ming dollardan mukofot berilishini e’lon qildi.
Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) boks bo‘yicha oltin medallar sohiblarining har biriga 100 ming AQSh dollari, kumush medal uchun 50 ming dollar va bronza medali uchun 25 ming dollar to‘lashini ma’lum qildi. Bundan tashqari, 5-o‘rinni egallagan sportchilarga ham 10 ming AQSh dollaridan beriladi.
Bir qator davlatlar o‘z olimpiyachilarini taqdirlaydilar
Parij Olimpiadasida oltin medalni qo‘lga kiritgan gongkonglik sportchilar eng katta pul mukofoti – 6 million Gonkong dollarini oladi, bu taxminan 770 ming AQSh dollarini tashkil etadi.
Singapur individual sport turlari bo‘yicha g‘oliblarga o‘zining “Major Games Award” mukofot dasturi orqali 1 million Singapur dollari, ya’ni 700 ming AQSh dollarini taklif qiladi. Jamoaviy sport turlari bo‘yicha g‘oliblarga 2 million Singapur dollari yoki qariyb 1,6 million AQSh dollari to‘lanadi. Kumush medal sohiblari yuqoridagi summalarning 50, bronza medal sohiblari esa 25 foizini oladi.
Qozog‘iston, Malayziya, Marokash, Italiya, Vengriya va Misr Parij Olimpiadasi medallari uchun 112 mingdan 365 ming AQSh dollarigacha bo‘lgan olti raqamdan iborat summani taklif qiladi.
O‘zbekistonda oltin medalni qo‘lga kiritgan sportchilarga 200 ming AQSh dollari, kumush medal uchun 100 ming AQSh dollari va bronza medali uchun 50 ming AQSh dollari miqdorida mukofot puli berilishini ko‘pchilik bilsa kerak.
Gruziya hukumati medal egalariga 250 mingdan million larigacha, to‘laydi, AQSh dollarida bu 92 mingdan 368 minggacha bo‘lgan mablag‘ni tashkil etadi.
Oltin medal sohibiga Hindiston hukumati 90 ming AQSh dollari, Hindiston Olimpiya assotsiatsiyasi esa 120 ming dollar to‘laydi.
AQShda Olimpiada oltin medali sohiblari 37,5 ming dollar, kumush va bronza medali sohiblari mos ravishda 22,5 ming va 15 ming dollar oladi. Sportchilarni rag‘batlantirish bo‘yicha Milliy sport tashkilotlarining ham dasturlari mavjud. “Living The Dream Medal Fund” jamg‘armasi kurash bo‘yicha Olimpiya oltin medallari uchun 250 ming dollar, “USA Swimming” esa suzish bo‘yicha oltin medallar uchun 75 ming dollar taklif qilmoqda.
Fransiyada ham g‘oliblar katta miqdorda mukofotlanadi. Parijda oltin medal uchun bonus miqdori 125 ming AQSh dollarini tashkil qiladi. Kumush va bronza uchun mukofot pullari mos ravishda 100 ming va 80 ming dollarni tashkil qiladi. Fransiyada 2008 yildan beri mehnatga layoqatli va Paralimpiya o‘yinlari sovrindorlari qo‘lga kiritgan medaliga qarab bir xil miqdorda pul oladilar.
Sportchilari Olimpiadaga qatnashsagina kifoya bo‘lgan mamlakatlar ham bor. Iroqlik og‘ir atletikachi Ali Ammar Yosir 2024 yilgi olimpiya o‘yinlarida ishtirok etishini kafolatlaganidan so‘ng u yer uchastkasi, oylik stipendiya va 7 ming AQSh dollari miqdorida mukofot oldi, deb yozadi “Iraqi News Agency” (INA) axborot agentligi.
Ayrim davlatlar, xususan, Buyuk Britaniya, Norvegiya va Shvetsiyada Olimpiada sovrindorlariga pul mukofotlari to‘lash ko‘zda tutilmagan.