Oliy ta’lim muassasalarida o‘quv yili boshlandi

Bu yil Samarqandda bir nechta yangi ish boshlagan OTMlar ham bor

Sentyabr oyida Samarqandda yirik xalqaro tadbir – Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammiti o‘tkazilishi munosabati bilan viloyatdagi oliy o‘quv yurtlarida yangi o‘quv yilining boshlanishi biroz ortga surilgandi.

Bugun, 26 sentyabrdan Samarqanddagi barcha oliy ta’lim muassasalarida 2022/2023 o‘quv yili boshlandi.

Yangi o‘quv yilida viloyatimizdagi davlat oliy ta’lim muassasalaridan tashqari ikkita xususiy – Samarqand xalqaro texnologiya universiteti va Yodju texnika institutining Samarqand filiali faoliyat boshladi. Samarqand davlat universitetining Urgut filiali, universitet qoshida Muhandislik fizikasi instituti hamda Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti ochildi.

Samarqand davlat universitetning Urgut filialida ham bugundan ta’lim jarayonlari boshlandi.

– Bu yil ilk bor maktabgacha ta’lim, boshlang‘ich ta’lim, matematika va informatika, kimyo, biologiya, o‘zbek tili va adabiyoti kabi o‘n ikki yo‘nalishda 475 nafar talaba o‘qishga qabul qilindi, – deydi SamDU Urgut filiali direktori Quvondiq Yarashev. – Hali yana tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qish istagini bildirgan talabalar bor.

Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida ham yangi o‘quv yili “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz!” deb nomlangan ma’rifiy tadbir bilan boshlandi.

Universitet rektori, professor X.Yunusov, Oliy Majlis Senati azosi F.Toshev professor-o‘qituvchilar va talabalarni yangi o‘quv yili bilan tabrikladi.

– 2022/2023 o‘quv yilida 21 bakalavr yo‘nalishi va 32 ta magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha 2000 dan ortiq kvota ajratilgan edi va bu kvota doirasida talabalar o‘qishga qabul qilindi, – deydi universitet o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori A.Elmurodov. – Yangi o‘quv yilida veterinariya biotexnologiyasi ta’lim yo‘nalishi va uning negizida immunobiologik preparat biotexnologiyasi magistratura mutaxassisligi ochildi. Endilikda veterinariya meditsinasi ta’lim yo‘nalishi faqat kunduzgi ta’lim shaklida o‘qiydi va o‘qish muddati 5 yil etib belgilandi.

Tadbirda yuqori ball olib, talabalikka qabul qilingan yoshlar universitet ma’muriyatining tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.