“Olov bilan o‘ynashyapsiz”: Yevropaning eng yirik yadroviy inshootida yana portlashlar bo‘lyapti
Shanba va yakshanba kunlari Rossiya qo‘shinlari tomonidan bosib olingan Zaporoje atom elektr stansiyasida yana portlashlar yangradi. Bu haqda yakshanba kuni Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) ma’lum qildi.
Ta’kidlashicha, MAGATE ekspertlari voqea joyida Yevropadagi eng yirik yadroviy inshoot yaqinida va uning ichida o‘nlab to‘qnashuvlar haqida xabar bergan. Atom energiyasi agentligi mutaxassislari o‘z ko‘zi bilan portlashlarni ko‘rishganini ma’lum qilgan.
Ob’yekt rahbariyati ba’zi bino, tizim va jihozlarga zarar yetkazilganligini ma’lum qildi. Hozircha bu yadro xavfsizligiga ta’sir qilmagan. Jarohatlanganlar yo‘q.
Oxirgi oylarda atom elektr stansiyasi shiddatli janglar paytida bir necha bor o‘qqa tutilgan. Ukraina va Rossiya bir-birini terrorchilik harakatlarida ayblamoqda. "Buning ortida kim bo‘lsa, uni darhol to‘xtatish kerak", deb talab qildi MAGATE rahbari Grossi. "Men qayta-qayta aytganimdek: «siz olov bilan o‘ynashyapsiz".
«Shanba va yakshanba kungi hodisalar bosib olingan atom elektr stansiyasidagi nisbatan xotirjamlik davrini birdaniga tugatdi», dedi Rafael Grossi. U yana bir bor ikkala tomonni ob’yekt atrofida hujum va jangovar harakatlar oldini oladigan xavfsizlik zonasini yaratishga chaqirdi.
Afsuski, bu borada har ikki tomon bilan olib borilgan intensiv muzokaralar natija bergani yo‘q.