Yadroviy davlatlar o‘z arsenallarini faol ravishda modernizatsiya qilmoqda, joylashtirilgan yadro kallaklari soni ortmoqda
Yadroviy davlatlar, jumladan, Rossiya va AQSh arsenallarini faol ravishda modernizatsiya qilmoqda va Ukraina mojarosi fonida joylashtirilgan yadro kallaklari soni tobora ortmoqda, deya xabar beradi Stokgolm xalqaro tinchlik tadqiqot instituti (SIPRI).
SIPRI statistik ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil yanvar oyida Rossiya, AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Shimoliy Koreya va Isroil kabi davlatlar jami 12512 ta yadro quroliga ega bo‘lib, ulardan 9576 tasi potensial foydalanish uchun omborlarda bo‘lgan. Bu 2022 yil yanvar oyiga nisbatan 86 donaga ko‘pdir. Shu bilan birga, ikki mingga yaqin jangovar kallaklar yuqori shay holatda edi, deya qayd etiladi hisobotda.
Shuningdek, 2023 yil boshida joylashtirilgan jangovar kallaklar soni bo‘yicha Qo‘shma Shtatlar 1770 dona, Rossiya 1674 dona bilan yetakchi ekani aytiladi. Har ikki davlat birgalikda barcha yadro qurollarining qariyb 90 foiziga egalik qiladi. Ulardan keyin mos ravishda 280 va 120 birlik bilan Fransiya va Buyuk Britaniya turadi.
SIPRI ma’lumotiga ko‘ra, Xitoy yadroviy arsenalining hajmi 350 dan 410 tagacha o‘sgan. Raqamlar o‘sishda davom etishi kutilmoqda. O‘n yillik oxiriga kelib Xitoy o‘z yadro arsenalini AQSh va Rossiya darajasiga yetkazishi mumkinligi aytilmoqda.
2022 yilda yadroviy arsenalini ko‘paytirmagan Buyuk Britaniya ham jangovar kallaklar zaxirasini to‘plashi mumkin.
Fransiya ham yadro dasturini rivojlantirishda davom etmoqda. Parij yadro quvvatiga ega uchinchi avlod ballistik raketali suv osti kemasi, shuningdek, havodan uchiriladigan yangi qanotli raketani ishlab chiqmoqda.
O‘z navbatida, Hindiston va Pokiston yadro arsenallarini kengaytirayotgan ko‘rinadi. Har ikki davlat 2022 yilda yadroviy yetkazib berish tizimlarining yangi turlarini ishlab chiqishda davom etgan. Pokiston hindlarning yadro qurolining asosiy nishoni bo‘lishiga qaramay, Xitoyning nishonlarini “butunlay” urishga qodir uzoq masofali tizimlarni faol ravishda ishlab chiqmoqda.
Hisobotga ko‘ra, KXDR harbiy yadro dasturiga ustuvor ahamiyat berishda davom etmoqda. 2022 yilda Shimoliy Koreya yadroviy portlashlar o‘tkazmaganiga qaramay, rahbariyati 90 dan ortiq raketa sinovini o‘tkazdi. Pxenyanda hozirda 30 ga yaqin jangovar kallaklar va 50-70 ta kallak ishlab chiqarish uchun yetarli material mavjud.
Tadqiqotchilar yadro quroli mavjudligini omma oldida tan olmaydigan Isroil ham yadro arsenalini modernizatsiya qilayotganini eslatib o‘tishgan.