Yadroviy qurolga ega davlatlar soni oshishi mumin. Yana qaysi mamlakatlar yadro quroli yaratishga qodir?
Ayni paytda rasmiy ravishda yadroviy kuchlar maqomiga ega bo‘lgan beshta davlat mavjud, yana to‘rttasi norasmiy ravishda o‘z arsenalida yadro quroliga ega. Bu ro‘yxat tez orada yana ikkita davlat bilan to‘ldirilishi mumkin. Bu haqda rossiyalik siyosatshunos Aleksandr Perendjiyev OAVga ma’lum qildi.
“Hozircha biz beshta rasmiy yadroviy davlatga egamiz: Rossiya, AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya, Xitoy. To‘rtta norasmiy: Shimoliy Koreya, Isroil, Hindiston, Pokiston. Ushbu ro‘yxat Eron bilan to‘ldirilishi mumkin. Oqibatda Eron-Isroil munosabatlari keskinlashuvi yuzaga keladi, shuningdek, ushbu mamlakat va AQSh o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashadi. Janubiy Afrika ham yadroviy qurol yaratishga urinishlar qilgani ma’lum, ammo oxir-oqibat hammasi qanday yakunlangani noma’lum ”, degan Perendjiyev.
Harbiy ekspert Rossiya va AQSh o‘rtasida yadroviy xavfsizlik bo‘yicha kelishuv mavjudligini, biroq boshqa davlatlar, hatto rasman yadroviy kuchlar maqomiga ega davlatlar ham hech qanday majburiyatlarga ega emasligini eslatdi. Qolaversa, ayni damda Moskva va Vashington o‘rtasidagi kelishuv ham xavfsizlik borasida umid bag‘ishlamaydi.
“Mamlakatlarimiz o‘rtasida strategik hujum qurollari shartnomasi bo‘yicha maslahatlashuvlar yana to‘xtatildi, vaziyat yanada keskinlashishi mumkin. Qolaversa, muammo nafaqat qaysi davlat yadroviy qurolga ega bo‘lishi, balki Qo‘shma Shtatlar o‘z yadro kallaklarini dunyo bo‘ylab sochib tashlaganida. Demak, Turkiya rasmiy ravishda yadroviy davlat bo‘lmasa-da, uning hududida yadro quroli mavjud. Xuddi shu narsa boshqa hududlarga ham tegishli”, deb tushuntirdi harbiy siyosatshunos.
Avvalroq Perendjiyev Eronda yadroviy qurol yaratish uchun barcha imkoniyatlar bor, biroq bu davlatning yadroviy davlatga aylanishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi, chunki bu bir qator xalqaro mojarolarni kuchaytirishi va jahon xavfsizligiga qo‘shimcha xavf tug‘dirishi mumkinligini aytgan edi.