Olovli jumboq ta’qibi

Olga Vasilevna Penizova Moskva yaqinida Fryazinada yashaydi. Umri davomida u shar chaqmoq bilan uch marta to‘qnash kelgan.

Bu ayol ko‘p yillar zavodda tokar bo‘lib ishlagan. Hozir pensiyada. Olga Vasilevna ilk bor shar chaqmoqqa bolaligida, 13 yoshida duch kelgandi. O‘shanda ota-onasi bilan Uralda yashar, kolxozda ishlardi. Avgust edi, oqshom tushardi, havo ochiq edi.

Olga xoda ustida o‘tirib kitob o‘qir, o‘qtin-o‘qtin boqayotgan buzog‘iga qarab qo‘yardi. Buzog‘ini uyga haydamoqchi bo‘lib turganida to‘satdan havoda muallaq turgan yorqin dog‘ni ko‘rdi. Uchoq lovullar, goh g‘oyib bo‘lardi. Kutilmaganda dog‘ unga qarab harakatlana boshladi. Qo‘rqib ketgan qiz kaftlari bilan yuzini yashirishga zo‘rg‘a ulgurdi. Shar cho‘g‘dek qizigan havo ufurib yonida paydo bo‘ldi. Besh daqiqacha qizga qizigan havo purkab, atrofida aylanib turdi. Qiz havo bezorisidan jahli chiqib qo‘lidagi tayoqni unga qarab otdi: “Yo‘qol, qayerdan kelgan bo‘lsang, o‘sha yoqqa”. Qattiq qarsillagan ovoz eshitildi. Qo‘rqib ketgan qizning ko‘z o‘ngida tayoq xuddi gugurt cho‘pidek lov etib yonib ketdi.

Oradan 20 yil o‘tdi. Olga eri va ikki farzandi bilan Toshkentda yashardi. Bir kuni shahar tashqarisiga dam olishga chiqishdi. Sayr chog‘i ko‘l bo‘yidan 12 yoshli o‘g‘li qichqirib qoldi: “Oyi, qara, qanaqadir shar!” U suv ustida diametri 15 santimetrcha keladigan apelsinga o‘xshash yorqin jismni ko‘rdi. Shar to‘satdan nishonni ko‘zlayotgandek havoda burila boshladi. “Aslida qo‘rqoqlardan bo‘lmasam-da, meni dahshat qamrab oldi, - deb eslaydi ayol. - Yerga yotinglar, boshlaringni ko‘tarmanglar, deya qichqirdim bolalarga. Shar meni deb kelganini tushundim”. Tuyg‘usi aldamagan ekan, shar unga qarab harakatlandi, boshi uzra bir necha marta aylanib, o‘rmon tomonga qarab ketdi. Ayolning kuygan qulog‘ida chandiq bir umrga qoldi.

Uchinchi marta shar chaqmoq uni o‘tgan qishda yo‘qlab keldi. Havo sovuq bo‘lsa-da, ochiq edi. “Issiqxonani ta’mirlayotgan edim, u havoda paydo bo‘lib, muallaq turib qoldi. Nimanidir tekshirib ko‘rayotganday u yoq-bu yoqqa chayqaldi”, deya hikoya qiladi pensioner ayol. Avvaliga kampir o‘zini yo‘qotib qo‘ygan. Ammo darrov o‘zini qo‘lga olib, qattiq ovozda, tizzasi qaltirab turgan bo‘lsa-da: “Sendan qo‘rqmayman, qayerdan kelgan bo‘lsang, o‘sha yoqqa yo‘qol”, deb baqirgan. Shar issiqxona atrofida aylanib, so‘ngra uyga kirib ketgan.

“Men oynani chil-chil singanini eshitdim va yotoqxonaga yugurib kirdim, - deydi Olga Vasilevna. - Yerda ko‘zguni sinib yotganini ko‘rdim, erim va bolalarimning fotosurati ham oyoq ostida yotardi, parda lovullab yonardi. Uni yulib olib toptab o‘chirdim va deraza oynasida tuynukni ko‘rdim, u ustalik bilan parmalab teshilganday edi - shar o‘sha teshikdan chiqib ketgan”.

Ushbu tuynukni ko‘rish uchun qo‘ni-qo‘shnilar, prorab, uchastka noziri, Moskva, yer magnitizmi instituti xodimlari kelishdi. Hayratdan hammaning og‘zi ochilib qoldi: deraza oynasida ko‘z ochib yumguncha hozirda mavjud bo‘lgan birorta asbob-uskuna bilan bunday teshik o‘yishni iloji yo‘q edi.

Bunday quvvatga ega jism juda ko‘p narsaga qodir. Misol uchun, odamni tiriklay kuydirishi yoki kichikroq uyni yoqib yuborishi mumkin. Metallni eritishi, daraxtni ildizi bilan qo‘porib tashlash unga cho‘t emas. Shular e’tiborga olinsa, Olga Vasilevna omadi bor ekan, tirik qolibdi. Ammo olovli mehmon nega uni ta’qib qilyapti? Buni ilm-fan hozircha tushuntirib berolmayapti.

“Mir novostey” (2021 y, 12-son) haftanomasidan T.Shomurodov tayyorladi.