Olti oyda aliment qarzdorligini to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlab kelayotgan 635 nafar qarzdor ma’muriy javobgarlikka tortildi
Bu haqda Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Sur’at Jabborov ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Shu yilning o‘tgan 6 oyi davomida sohada amalga oshirilgan ishlar xususida ommaviy axborot vositalari xodimlariga batafsil ma’lumot berish maqsadida tashkil etilgan tadbirda ta’kidlanganidek, aliment qarzdorligini to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlab kelayotgan jami 635 nafar qarzdor ma’muriy javobgarlikka tortilishi ta’minlangan.
Boshqarma tomonidan ushbu davrda surishtiruv harakatlari o‘tkazilgan va jinoyat ishlari bo‘yicha aniqlangan jami 795 million 848 ming so‘mlik zarardan ayblanuvchilardan 295 million 299 ming so‘mi (37,1 foiz) undirilishi ta’minlangan.
Bundan tashqari, joriy yilning 6 oyi davomida boshqarmaning qidiruv shu’basi tomonidan 277 nafar qarzdorga nisbatan olib borilgan qidiruv tadbirlari natijasida jami 167 nafar qidiruvdagi qarzdorlar topilgan. Hozirda qolgan 110 nafar qidiruvdagi qarzdorlarni topish choralari ko‘rilmoqda.
- Shuningdek, byuroning viloyat boshqarmasi tuman-shahar bo‘limlari tomonidan “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” uchun o‘tkazib beriladigan mablag‘lar bo‘yicha tasdiqlangan reja-grafiklar oyma-oy bajarib kelindi, - deydi Sur’at Jabborov. - Xususan, o‘tgan yarim yil davomida ijtimoiy daftarlarga 23 milliard 656,5 million so‘m mablag‘ o‘tkazib berildi.
Tadbir davomida jurnalist va blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.