Oltiariqda uy yonib, 1 yoshli qizcha halok bo‘ldi

Nosoz holdagi elektr isitish moslamasidan foydalanib, uni nazoratsiz qoldirish ayanchli oqibatga olib keldi. Bu haqda FVV YoXBB OAV bilan hamkorlik qilish bo‘linmasi ma’lum qilmoqda.

2019 yilning 7 noyabr kuni soat 13:24 da Farg‘ona viloyati Oltiariq tumani, Navbahor MFY, Yangiqo‘rg‘on ko‘chasida joylashgan 45-uyda sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida 2018 yilda tug‘ilgan qizcha tutundan zaharlanib, voqea joyida halok bo‘lgan. Bu haqda Oltiariq tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli tez tibbiy yordam bo‘limidan tuman ichki ishlar bo‘limiga xabar berilgan.

Tezkor-tergov guruhi xodimlari tomonidan voqea joyiga borib, hodisa yuzasidan dastlabki surishtiruv ishlari olib borilganda, yashash xonada nosoz elektr isitish moslamasini yoqqan holda nazoratsiz qoldirish oqibatida uyning 5 kvadrat metr maydonida pol qismi va ichki jihozlari yonib zararlangan. Achinarlisi, shu xonada beshikda bo‘lgan chaqaloq tutundan zaharlanib, vafot etganligi ma’lum bo‘lgan.