Oltin medal bilan maktabni tugatgan rektorlar: ularning birinchi o‘qituvchisi kim bo‘lgan?

Bayram arafasida Zarnews.uz sayti Samarqanddagi oliy ta’lim muassasalarining ayrim rektorlaridan maktab hayoti va birinchi sinf o‘qituvchisi kim bo‘lgani haqida ma’lumot oldi. Rektorlarning maktabda qanday o‘qigani albatta hammaga qiziq. Ayniqsa, talaba-yoshlarga. Shunday emasmi?

Samarqand veterinariya meditsinasi instituti rektori Xudoynazar Yunusov: “Ustozimiz biz uchun bilimlar dunyosi edi...”

Qashqadaryoning Yakkabog‘ tumanida joylashgan 48-o‘rta maktabda o‘qiganman. Maktabimiz o‘sha paytlar 8 yillik edi. Ilk bor maktab ostonasida bizni kutib olgan va “Alifbo”ni o‘rgatgan ustozim – Sherbobo Toshev edi (ilgari o‘qituvchilar asosan, erkaklar bo‘lgan). U qattiqqo‘l, adolatparvar va talabchan edi. Ilk hayot sabog‘ini, ma’rifatni o‘sha ustozimdan o‘rgandim. Tushunmagan, bilmagan narsalar haqida tortinmay so‘rayverardik. Ustoz javob berishga erinmasdi, savollarimiz javobsiz qolmasdi...

A’lochi edim, chorak baholari tugul, hatto kundaligimga ham “4” baho tushirmaslikka harakat qilardim, tengdoshlarim bilan bu borada qattiq musobaqalashardik. Attestatimda ham “4” baho yo‘q. O‘qishga ishtiyoq juda kuchli bo‘lgan bir davrlar edi. Har yili bir necha fan olimpiadalariga birdaniga qatnashardik. Biologiyadan chiqib kimyoga, undan so‘ng tarix faniga kirib ketaverardik.

Odatda, har yili olimpiadalarga qatnashuvchilar bir xil bo‘lardi. Bunday o‘quvchilarga o‘qituvchilarning munosabati qanday bo‘lishini o‘zingiz bilasiz. Ustozlarimiz bilan juda qadrdon edik. Ustozlarimiz 7-8-sinflarda ba’zi darslarini ishonib, bizga topshirishardi, o‘zimiznikilarga dars ham o‘tganmiz. Hozir eslab, ustozlarim fidoyi, sabr-toqatli bo‘lganini tushunib yetyapman. Agar biror mavzuga tushunmay qolsak, ustozim darsdan so‘ng qolib, soatlab tushuntirar, vaqtini qizg‘anmas, hech qayoqqa shoshmasdi. Ularning asablari ham temirdek mustahkam bo‘lganmikin, deb o‘ylayman.

Moskvada o‘qib yurgan paytlarim ta’til vaqtlarida ulardan xabar olib turardim. Oxirgi marta o‘tgan yili maktabimni ziyorat qildim. Shundan keyin yana ko‘plab ustozlardan ta’lim-tarbiya oldim. Ilm-fan darg‘alari, akademiklar, professorlar, ularning saboqlari bir umr xotiramga muhrlangan. Ular oldida o‘zimni qarzdor hisoblayman va barcha ustozlarimga ta’zim qilaman!

***

Samarqand davlat tibbiyot instituti rektori Jasur Rizayev: “Menda ikkita OTMga kirish imtiyozi bo‘lsa-da, tibbiyot sohasini tanladim”

 

Men 1981 yil Toshkent shahridagi 92-sonli hind tiliga ixtisoslashtirilgan maktabga 1-sinfga borganman. Birinchi o‘qituvchim Sohiba opa edi. Maktabda 4-sinfgacha a’lo baholarga o‘qidim. Shu sababli har yili maktabda maqtov yorlig‘i olardim, ular haligacha javonimda turibdi.

5-sinfdan Toshkent shahrida yangi ochilgan 254-maktab gimnaziyada tahsil oldim. Maktab gimnaziya direktori Yo‘lchi Abdullayev ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi edi. Shu sababli meni ushbu fandan olimpiadaga tayyorladi. Men 10-11-sinflarda Qo‘qon va Samarqandda bo‘lib o‘tgan respublika fan olimpiadasida ona tili va adabiyot fanidan qatnashib, faxrli 2-o‘rinlarni olganman. 1991 yil maktab gimnaziyani oltin medal bilan bitirdim.

Maktabni bitirgach, olimpiadada olgan diplomlarim sabab menda Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Millliy universiteti) va Toshkent davlat pedagogika institutining filologiya fakultetiga kirish imtiyozi bor edi. Lekin men tibbiyot sohasini tanladim va 1991 yili Toshkent davlat tibbiyot institutiga o‘qishga kirib, muvaffaqiyatli yakunladim.  

Hayotda o‘z o‘rnimni topishimga va erishgan muvaffaqiyatlarimda ustozlarimning hissasi katta. Barcha ustozlarimdan minnatdorman, ularning oldida ta’zim qilaman. Yo‘lchi Abdullayev ustozim olamdan o‘tgan bo‘lsalar-da, haligacha oilasi, farzandlari bilan bordi-keldi qilaman.

Maktab gimnaziyada menga ta’lim bergan matematika o‘qituvchisi Aziza opa, ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Dilfuza opa va sinf rahbarim Alla Petrovnadan bir umr minnatdorman. Olamdan o‘tganlarining haqlariga doim duo qilaman. 

***

Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali direktori Shavkat Hasanov: “Mening birinchi sinf o‘qituvchilarim ko‘p bo‘lgan”

Bundan roppa-rosa 40 yil muqaddam, 1981 yilda Bulung‘ur tumanidagi 38-o‘rta maktabning 1-sinfiga o‘qishga bordim. Men ilk o‘qish va yozishni muallima Tursuntosh Sattorovadan olgan bo‘lsam, darsdan keyingi uyga vazifalarimga Isrofil Almanov (guruh rahbari) ustozlik qilardi. Boshqa sinfdoshlarimdan farqli ravishda bir yillik tayyorlov sinfiga qatnamaganim bois, boshida darslarni o‘zlashtirishda juda qiynalganman. Muallimamiz rahmatli ota-onamga yozuvim xunukligidan shikoyat qilardi, ammo qancha urinmay 1-sinfni o‘rta baholar bilan tugatdim. Muallimamiz sog‘ligi yomonlashgani bois ishdan tanaffus qilganidan so‘ng, bizni 4-sinfgacha Eshonqul aka Bobobekov, Rayhonoy opa Begimova va Irisoy opa Ismoilovalar o‘qitdi.

4-sinfdan darslarni fan o‘qituvchilari o‘tishi menga juda ma’qul keldi, shu bois hamma fanlarni “a’lo” bahoga o‘zlashtirib, maktabni 1991 yilda oltin medal bilan tugatdim.

Men o‘qigan davrda 38-o‘rta maktab tumandagi eng ilg‘or, tartibli, namunali maktablardan biri edi. Maktabni rahmatli Suyun hoji Hojimov boshqarardi. U kishi talabchan rahbar bo‘lganligi uchun maktabda metin intizom hukm surardi. Bizga o‘z fani bo‘yicha yetuk sanalgan o‘qituvchilar saboq berishgan. Shu bois, sinfimiz bitiruvchilaridan 1 nafar fan doktori, 1 nafar fan nomzodi, 3 nafar tadbirkor va boshqa kasb egalari yetishib chiqqan. 

Maktabda men yaxshi ko‘rgan matematika fanidan To‘ychi G‘afforov va Aliqul A’zamov, o‘zbek tilida ravon va ma’noli yozishimda, adabiyotni o‘zlashtirishimda Boyzoq Elmurodov va Umurzoq Sodiqovlarning alohida hissasi bor. Umuman, menga dars bergan barcha ustozlardan minnatdorman! O‘tganlarining oxiratlari obod, borlarining umrlari uzoq bo‘lsin!