Oltinsoyda fuqarolar IIB xodimlariga qarshilik qo‘rsatishgan
Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmatining ma’lumot berishicha, joriy yilning 14 fevralida viloyatning Oltinsoy tumanining Halqobod mahallasi hududida joylashgan fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan yer maydoniga mahalliy fuqarolar tomonidan noqonuniy uy-joy qurib olinganligi holatiga aniqlik kiritish hamda ushbu yerlarni fermer xo‘jaligiga qaytarish maqsadida tuman hokimiyatining qurilish masalalari bo‘yicha vakili, tuman prokurori, ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, Surxondaryo viloyati yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi Oltinsoy filiali mas’ul xodimlaridan iborat ishchi guruh tomonidan tuman hokimining 2019 yil 6 dekabrdagi farmoyishi ijrosini ta’minlash uchun manzilga chiqishgan. Ular fuqarolar bilan tushuntirish ishlarini olib borayotgan vaqtida ayrim fuqarolar qo‘llariga turli buyumlar (tayoq, bolta, tosh, belkurak va boshqa) bilan ishchi guruh vakillariga tajovuz qilganliklari oqibatida o‘rtada janjal kelib chiqqan.
Chaqiruvga asosan jamoat tartibini saqlash uchun 16.00 larda voqea joyiga yetib borgan tuman IIB xodimlari mahalliy aholiga jamoat tartibini buzishni to‘xtatib, uylariga tarqashni talab qilishgan. Mahalliy fuqarolardan I.Muhammadiyev, D.Muhammadiyev, F.Nurov, A.Toshov, S.Muhammadiyev va A.Safarovlar ichki ishlar organlari xodimlariga faol qarshilik ko‘rsatib, qo‘llaridagi buyumlar bilan tajovuz qilganlar.
Ko‘rilgan choralar natijasida jamoat tartibini buzayotgan fuqarolar zararsizlantirilib, jamoat tartibi barqarorlashtirilgan.
Huquqbuzarlarning tajovuzlari oqibatida IIB xodimi, safdor Sh.Mustofoqulovga “bosh miyaning yopiq shikastlanishi, bosh miya chayqalishi, boshning peshona o‘ng qosh usti, o‘ng yon tomoni ezilgan, yirtilgan jarohatlari, o‘ng ko‘z qavog‘i yumshoq to‘qimalarning ezilishi va gematomasi, burnining o‘ng tomoni yuz sohasidagi yirtilgan jarohat”, shuningdek, profilaktika inspektori yordamchisi A.Jabborovga “chap yelka o‘mrov akramiyal bo‘g‘imi sohasi yumshoq to‘qimalarining ezilishi” kabi tan jarohatlari yetkazilgan.
Mazkur holat yuzasidan Oltinsoy tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.