Omonatga xiyonat: «Qishloq qurilish bank»da fuqaroning 300 million so‘m puli o‘zlashtirilgan

«Qishloq qurilish bank»ning Kattaqo‘rg‘on filialida sodir bo‘lgan bo‘lgan bu holatni omonatchi fuqaro bankning bo‘lim boshlig‘i o‘zgargach, bilib qolgan. Ya’ni, barcha qilg‘ilik avval filialda aholi omonatlari bilan ishlash sho‘’basi boshlig‘i – davlat ishtirokidagi tashkilotning mansabdor shaxsi tomonidan amalga oshirilgan bo‘lgan.

Sud ishida aniqlanishicha, 2015 yil dekabr oyida fuqaro J.A. (ayol kishi) bank muassasasiga 200 million so‘m omonat mablag‘ini qo‘ygan. Unga shaxsiy omonat hisob raqami ochib berilib, daftarcha rasmiylashtirilgan. 2016 yil yanvar oyidan omonat mablag‘i hisobidan oylik foiz to‘lovlarini oyma-oy olib kelgan.

Bir muddat o‘tib yana 100 million so‘m mablag‘ omonatga topshirgan. Taassufki, fuqaroning jami 300 million so‘m puli oradan ko‘p o‘tmay soxta chiqim orderlari bilan naqdlashtirib olingan.

Aniqroq aytganda, omonatchining mablag‘idan davlat ishtirokidagi bank daromad ko‘rmagan, unga foizlar hisoblanmagan. Lekin fuqaro olishi kerak bo‘lgan summa hech muammosiz to‘lab berilgan. Qiziq-a?

Aslida hammasi “risoladagidek” ketayotgan bir vaqtda fuqaroning muddati tugagan omonat daftarchasini almashtirmoqchi bo‘lgani ishning misini chiqargan. U bankka kelgan vaqtda aholi omonatlari bilan ishlash sho‘’basi boshlig‘i o‘rnida notanish shaxsni ko‘radi. Hech ikkilanmay, omonat daftarchasini yangilab berishni va, tabiiyki, hisoblangan foizlarni so‘raydi.

Hech narsadan xabari yo‘q yangi sho‘’ba boshlig‘i tizimdan J.A. ga tegishli ma’lumotlarni tekshirib ko‘rib, uning omonatga qo‘ygan mablag‘lari allaqachon 10 dan ortiq chiqim orderlari bilan kassadan naqd pulda olinganini aytadi.

Albatta, J.A. rahbarga shikoyat uchun kirmoqchi bo‘ladi, ammo u ish o‘rnida yo‘q edi. Shu sabab murojaat prokuraturaga yo‘llanadi. “Qozon qopqog‘i” shu tarzda ochiladi...

Holat yuzasidan ATB «Qishloq qurilish banki» Kattaqo‘rg‘on filiali binosida jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar sudining ochiq sayyor sud majlisi o‘tkazildi.

Filialning aholi omonatlari bilan ishlash sho‘’basi boshlig‘i o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, mansab soxtakorligi singari jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topildi.

Davlat ishtirokidagi tashkilot mansabdor shaxsining g‘arazgo‘ylik yoki boshqa manfaatlarni ko‘zlab rasmiy hujjatlarga bila turib soxta ma’lumotlar va yozuvlar kiritishi, hujjatlarni qalbakilashtirishi yoki bila turib soxta hujjatlar tuzishi va taqdim etishi fuqarolarning huquqlariga yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga yoxud davlat yoki jamoat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazilishiga sabab bo‘lgani hamda ishonib topshirilgan yoki uning ixtiyorida bo‘lgan o‘zganing juda ko‘p miqdordagi mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilgani uchun tegishli jazo tayinlandi.

Sud hukmiga ko‘ra, 2 yil muddatga davlat ishtirokidagi tashkilotlarida mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda, shuningdek davlat organining xizmatchisi vazifasida ishlash huquqidan mahrum qilindi.

Bundan tashqari, har oylik ish haqining o‘ttiz foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil 6 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlanadi.

Sud aybdorning pullarni o‘zlashtirganligi holatidan bank boshqaruvchisi va o‘rinbosari bevosita xabardor bo‘lib, ularning topshiriqlari asosida pullarni o‘zlashtirganligi borasidagi ko‘rsatuvlarini g‘arazli maqsadlarda bankning shu vaqtdagi boshqaruvchisi va hozirgi boshqaruvchisini ham jinoiy javobgarlikka torttirish va yetkazilgan zararlarni ularning hisobidan undirish maqsadida o‘ylab topgan vajlari sifatida baholadi.

Darvoqe, viloyat prokuraturasining depozit hisob raqamiga yetkazilgan zararni qoplashni ta’minlash maqsadida to‘langan 143 million so‘m pul jabrlanuvchiga qaytarilishi belgilangan. Unga shuningdek, yetkazilgan boshqa moddiy va ma’naviy zararni undirish yuzasidan fuqarolik ish yurituvi tartibida sudga murojaat qilish huquqi tushuntirilgan.