O‘q tomirdagi so‘z

Ko‘pchiligimiz yoshligimizda bir qo‘limizda qurol deb xayol qilgan narsamiz va ikkinchi qo‘limizda cho‘p (yoxud tayoq)ning uchiga bog‘lab qo‘yilgan bir parcha mato bilan “jangga” kirganmiz. Qurolimizni "dushman" tortib olsa ham, qo‘limizdagi "bayrog‘imiz"ni bermaslik uchun har qanday azobga (bu ba’zan haqiqatdan ham jismoniy azob bo‘lgan) tayyor bo‘lganmiz...

Bolalik xotiralari yuragimizni junbushga keltirayotgan bir paytda, o‘sha vaqtda bilmaganimiz (ba’zilarimiz balki bilgandirmiz ham) Najmiddin Kubro haqidagi rivoyatni eslaymiz. Ulug‘ ajdodimizga taqlid qilganimizdan faxr his qilayotgan bo‘lsak ham ajabmas. Nega? Savolga hammamiz har turli javob berishimiz mumkin. Ammo uning mag‘zida, o‘q tomirida bitta so‘z bor – VATAN va unga bo‘lgan muhabbat! 

Bu muhabbat qachon paydo bo‘lgan? Qo‘shnimiz tovug‘ini quvib yuborib, hovlimiz daxlsizligini ta’minlaganimizdami? Singlimizni yig‘latgan qo‘shni bolaning burnini yerga ishqalab qo‘yganimizdami? Mahallamizga kelgan notanish kimsaning maqsad-muddaosiga qiziqqanimizdami? Yoki borgan joyimizda “Qayerdansan? Kimning bolasisan?” deb so‘rashganida manzilimizni aytib, “falonchining o‘g‘li bo‘laman” deganimizdami? Vatan ichidagi Vatanimizdan faxrlanish tuyganimizdami?..

Bu faxrning sarhadlari Vatan haqida kengroq va ko‘proq o‘ylagan sari kengayaveradi. Uni ifoda etmoqqa so‘z axtaramiz, kuy axtaramiz. Lekin topganlarimizning hech biri Vatan bayrog‘iga boqib turganchalik halovat bermaydi. Unda siz borsiz, unda men borman, unda biz bormiz. Unda O‘zbekiston bor! Uni sevamiz, uni qizg‘anamiz. Shuning uchun ham bolalikda anglab-anglamay bayroq deb bilganimizni hech kimga berib qo‘yishni istamaganmiz. Shuning uchun ham jahon arenalarida Vatanimiz bayrog‘ini ko‘rganimizda entikib, ko‘zlarimizda sevinch yoshlari miltillagan. Shuning uchun ham murg‘akkina farzandimiz “Men katta bo‘lsam, harbiy bo‘laman”, deganida boshini silab qo‘yamiz, ko‘nglimizda hilpirayotgan bayroqning bolalarimiz yuragiga ham tikilganidan quvonamiz. Shuning uchun ham...

Yo‘q, bo‘ldi, boshqa yozmayman. Yozayotganlarim nazaringizda balandparvoz gaplarga o‘xshab ketayapti. Ortiqcha yozib, ensangizni qotirgim yo‘q. Yaxshisi, farzandlaringizni olib, poytaxt yoki viloyat markazlarida, tegishli idoralar oldida qadr rostlab, hilpirab turgan Vatanimiz bayrog‘i qoshiga boring. Unga boqing, tikiling, toki Najmiddin Kubrolar nima uchun uni bunchalik yaxshi ko‘rganini his qilguningizcha, tikiling. So‘ng his qilganlaringizni farzandlaringizga aytib bering. Agar bunga hojat yo‘q desangiz, qalbingizda hilpirayotgan bayroq muborak!

Asliddin MUSTAFOYEV.