Oq va qora

Afsuski, bu tushuncha bizning ish o‘rnimizni yo‘qotib qo‘yishimiz mumkinligidan qo‘rqayotgandek, taassurot uyg‘otyapti.

Xo‘sh, kitob, adabiyot targ‘iboti haqida hukumat bosh qotira boshlagan bir paytda, nega gazeta-jurnal mutolaasi chekkaga surib qo‘yilishi kerak? Bu borada boshqa har qanday izoh ortiqcha – gazeta-jurnal o‘gay farzandni eslatyapti.

Sabab, gazetani pulga sotib olish mumkin. Biz mablag‘ evaziga sotib olinadigan narsalarning hammasi ustimizni hashamdor qilishi, qornimizni to‘qlashiga o‘rganib boryapmiz. Ongimiz haqida bosh qotiryotganimiz yo‘q. Shu ketish bo‘lsa, bosh qotirmay ham qo‘yamiz!..

Tahririyatimiz jamoasi bilan bir oy ichida yuzga yaqin tashkilotda obuna masalasida suhbatlashdik.

Asosiy savolimiz: “O‘tgan yillar davomida mana shu vaqtda qo‘lingizga reja kelardi va siz gazetalarga majburan obuna bo‘lardingiz. Qaysidir gazetani o‘qisangiz, boshqasi chang bosib yotardi. Rosti, bu uslub biz, gazetachilarning ham me’damizga urib ketgandi. Mana, endi gazetamizni reklama qilyapmiz. Takliflaringizni olgani, kamchiliklarimizni bilgani keldik. Xo‘sh, yil yakunlanyapti, o‘zingiz xohlab birorta gazetaga obuna bo‘ldingizmi?”

Ishoning, mingdan ortiq ziyolilar ichida biror kishi biror nashrga obuna bo‘ldim, demadi. Juda andisha qilgani, “biz endi obuna bo‘lmoqchi edik”, dedi. Buni qarangki, “Har yili majburiy obunaga o‘rganib qolibmiz, bu yil hech kim majburlamaganiga (!) “qutuldik” deb o‘ylabmiz”, deganlar ham bo‘ldi.

Ochig‘i, mutolaasizlik ortidan biz kimga aylanib qolishimiz haqida mulohaza yuritishga qodirmasman, qo‘rqaman.

Internetni yomonotliq qilish, kir qidirish fikridan yiroqman. Shunchaki, bu axborot maydonini ham biroz tartibga solish kerak, xolos. Gazeta obunasi uchun ketadigan mablag‘ internet “obunasi” uchun ham bir necha barobar ortig‘i bilan ketadi. Buni izohlash, sharhlash o‘rinsiz. Chunki, qaysidir yaxshi narsaning muqobili albatta yomon bo‘lishi kerak, deyish noto‘g‘ri. Oq va qoraga ajratish kulgili. Aksincha, bugun bizda jurnalistikaning, OAVning uchta emas, to‘rtta uchog‘i bor. Bundan quvonish kerak, xolos.

Xulosa

Biz so‘nggi ikki oy ichida juda katta “natijaga” erishdik: odamlarni gazetadan qo‘rqitib qo‘ydik. Mutolaa uchun emas, mutolaa qilmaslik uchun yo‘l izladik. “Majburmassan” degan so‘zning mohiyati – sen ongli odamsan, majburlashmasa ham o‘qiysan, degan so‘z ekanini anglamadik.

Bugun millionlab uylarga telefon, kompyuter, uyatsiz filmlar, aroq, tamaki kirib kelyapti. Shular orasida gazeta ham kirib borsa, nimasi yomon?!

Bir so‘z bilan aytganda, OAV bugun bir-birini qo‘llab-quvvatlashi kerak. Bir-biridan kir qidirgan odam, boshqa sohaning afzalliklaridan ko‘z yumgan soha yolg‘iz qoladi. Bu mukammallik emas!

Isomiddin PO‘LATOV,

“Jomboy tongi” gazetasi muharriri.