Oqdaryoda 11 nafar mahkum o‘talmay qolgan jazodan muddatidan ilgari ozod qilindi
Oqdaryo tumani Xalq qabulxonasida viloyat sudi raisi O.Hayitov va viloyat ma’muriy sudi raisi B.Diyorov tomonidan sayyor qabul o‘tkazildi.
Sayyor qabulda jinoyat ishlari bo‘yicha Oqdaryo tumani sudi, iqtisodiy ishlar va fuqarolik ishlari bo‘yicha Payariq tumanlararo sudlari raislari ham ishtirok etdi.
Qabul davomida bir qancha fuqarolar, tadbirkorlarning murojaatlari ko‘rib chiqildi. Ayrim masalalar joyida hal etildi, qolganlari bo‘yicha murojaatchilarga huquqiy tushuntirishlar berildi, deb xabar bermoqda viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan ishlash bo‘limi.
Jumladan, Oqdaryo tumani Amir Temur mahalla fuqarolar yig‘ini Qarqarali qishlog‘ida yashovchi S.Mustafoyev o‘ziga tayinlangan jarima jazosini kamaytirib berishni so‘rab murojaat qildi. Viloyat sudi raisi murojaatchi bilan suhbatlashib, masalaning mazmun-mohiyati va sabablarini o‘rgandi. Shundan so‘ng unga Oqdaryo tuman IIB tomonidan tayinlangan jarima jazosi qonuniy tartibda kamaytirib berildi.
Shuningdek, jinoyat ishlari bo‘yicha Oqdaryo tumani sudi tomonidan tuman IIB probatsiya guruhi hisobida turgan, tuzalish yo‘liga kirgan mahkumlarga nisbatan to‘plangan materiallar sayyor sud majlisida ko‘rib chiqildi. Qilmishidan pushaymon bo‘lgan, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan, sodir qilgan jinoyati va uning huquqiy oqibatlaridan o‘ziga tegishli xulosa chiqargan, jazoni ijro etish davrida tartib-intizomi bilan IIB xodimlarining ishonchini oqlagan 11 nafar mahkum o‘talmasdan qolgan jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi.
Yana 18 nafar fuqaroga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar sayyor sud majlisida ko‘rib chiqilib, huquqbuzarlik harakatlari bartaraf etilganligi sababli ma’muriy ishlar harakatdan tugatildi.