Oqdaryoda bank xizmatlari markazi ochildi

Aksiyadorlik tijorat «Turonbank»ning viloyat filiali tashabbusi bilan Oqdaryo tumanidagi Loyish shaharchasida bank xizmatlari markazi tashkil etildi.

Markazda yuridik va jismoniy shaxslarga kreditlar ajratish, barcha turdagi kommunal to‘lovlar qabul qilish, xalqaro pul o‘tkazmalari xizmatlari, “O‘zkart”, “Humo” plastik kartalaridan naqd pullarni olish bankomatlari kabi zamonaviy bank xizmatlari ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yildi.

- 2020 yilda mazkur bank ofisi o‘z mijozlariga bank xizmatlarini nol foiz qiymatda amalga oshiradi, - deydi «Turonbank»ning Samarqand filiali boshlig‘i Hasan Ochilov. – Aholiga qulay imkoniyatlar yaratish maqsadida kelgusi yilda viloyatimiz tumanlarida yana 3 ta xuddi shunday xizmat ko‘rsatish markazlarini tashkil etishni rejalashtirganmiz.

Ushbu bank xizmatlarini ko‘rsatish ofisining ochilishi oqdaryoliklar uchun Yangi yil bayramiga munosib tuhfa bo‘ldi.

Oqdaryo tumani hokimligi axborot xizmati.