Oqdaryoda ishsizlik darajasi - 10 foiz

Bu haqda xalq deputatlari viloyat Kengashida hisobot bergan tuman hokimi N.Sulaymonov ma’lum qilgan.

Qayd qilinishicha, 159 ming nafar aholi yashayotgan tumanda joriy yilning 9 oyida 155,7 milliard so‘mlik 32 ta loyiha amalga oshirilib, 325 ta yangi ish o‘rinlari tashkil etilgan. Shu davrda 278 ta yangi korxona faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Natijada sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 243,9 milliard so‘m (o‘sish 101,7 %), qishloq xo‘jaligi 1,2 milliard so‘m (103,1 %), qurilish-pudrat ishlari hajmi 301 milliard so‘m (101,2 %), xizmatlar 212,6 milliard so‘m (100,8 %), chakana savdo aylanmasi 286,6 milliard so‘m (101,1 %)ni tashkil etgan.

Byudjetga tushumlar uchun joriy yilning 3-choragi uchun belgilangan 21,8 milliard so‘m reja amalda 23 milliard so‘mga yoki 105 foizga bajarilgan.

O‘tgan davrda mahalliy byudjetning 714 million so‘m mablag‘lari hisobidan 9 ta ko‘p qavatli uy-joylar ta’mirlangan.

Ta’kidlanishicha, 12 oktyabr holatiga 3314 nafar ishchi va xodimlar legallashtirilgan.

N.Sulaymonov, shuningdek, kommunal sohada kuz-qish mavsumiga ko‘rilgan tayyorgarlik xususida ham to‘xtalib o‘tgan. Hisobotda qayd etilishicha, 5 kilometr elektr tarmoqlari himoyalangan havo liniyalariga almashtirilgan, 12 ta transformator o‘rnatilib, 115,2 kilometr tarmoq va 38 ta transformator mukammal ta’mirlangan. Shuningdek, 76 ta transformator va 235 kilometr tarmoq joriy ta’mirlangan.

Tumanda aholiga 505 ta suyultirilgan gaz ballonlari tarqatilgan, 601 ta gaz taqsimlash qurilmasi ta’mirlangan. Bundan tashqari, 15 kilometr yer osti gaz quvurlarining holati pribor usuli bilan tekshirilib, 6 kilometr gaz quvurlari ranglangan. 1,1 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i mukammal va 0,2 kilometri joriy, 6 ta suv nasoslari to‘liq ta’mirdan chiqarilgan.