Oqibatini bila turib...
Xususan, asr vabosiga aylangan OITS va undan qanday himoyalanish to‘g‘risida mahallalarda, tashkilotlarda, ta’lim muassasalarida mutaxassislar ishtirokida davra suhbatlari olib borilib, yoshlarga tushuncha berilmoqda. Ammo bu bedavo dard bilan kasallanayotgan odamlar ko‘payib bormoqda.
Yaqinda bir dugonamning OITS bilan kasallanganligini eshitib qoldim. Biz kollejda tibbiyot yo‘nalishi bo‘yicha birga o‘qiganmiz. OITS va uning yuqish yo‘llari to‘g‘risida yetarlicha ma’lumotga ega bo‘lganmiz. Kasallikning bedavo ekanligini ham o‘rgatishgan. O‘sha dugonam turmushga chiqqandan so‘ng, hozirgi kunda ayollar o‘rtasida urf bo‘lgan tatuajdan foydalandi va kasallik yuqtirdi. Kasallikning yashirin davrida bu virusni u turmush o‘rtog‘iga ham yuqtirgan. Bu orada ular farzandli ham bo‘lishdi. Natijada bir oila OITS bilan kasallanib, barbod bo‘ldi.
Voqeani eshitib, bir holat yodimga tushdi. Kollejda bitiruvchi bosqichda o‘qiyotganimda bizga diplomoldi bitiruv amaliyoti berildi. Men ham amaliyotni o‘tash uchun tuman poliklinikasiga bordim. Poliklinikaga ikki yosh nikohdan o‘tish uchun tibbiy ko‘rikka keldi. Tahlillar natijasida yigitda OITS kasalligi aniqlandi. Biroq qiz to‘yni to‘xtatishni istamadi.
Hayot degan ne’matning qadriga yetib, uning go‘zalliklaridan bahra olish o‘rniga, ko‘ra-bila turib, o‘zini o‘limga mahkum etishni qanday tushunish mumkin?
Shahnoza ERGAShEVA,
SamQXI talabasi.