O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan aksiya doirasida xarid qilingan ilk avtomobillar o‘z egalariga topshirildi

Joriy yilning 15 oktyabr kuni xalq ta’limi tizimida faoliyat yuritayotgan bir guruh pedagoglarga O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan tashkil etilgan aksiya doirasida xarid qilingan avtomobillarning kalitlari topshirildi.

O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida “UzAuto Motors” kompaniyasi imtiyozli shartlar asosida avtomobil sotib olish imkoniyatini beruvchi aksiya e’lon qilgan edi. Barcha modeldagi avtomobillar uchun e’lon qilingan maxsus bayramona aksiya doirasida 10323 nafar o‘qituvchi avtomobil olish uchun shartnoma imzoladi. Ularning 6325 nafari Xalq ta’limi vazirligi tizimida faoliyat yuritadi.

Bir guruh o‘qituvchilar 15 oktyabr kuni xarid qilgan avtomobillarini qabul qildi. Qolgan o‘qituvchilar avtomobillarini bosqichma-bosqich oladi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Temurjon Komilov o‘qituvchilar nomidan ”O‘zavtosanoat” va “UzAuto Motors” kompaniyalari rahbariyatiga tashkil etilgan aksiya uchun minnatdorchilik bildirdi.

Tadbir doirasida “O‘zavtosanoat” hamda “UzAuto Motors” kompaniyalariga vazirlikning “Ta’lim homiysi” ko‘krak nishonlari topshirildi.