O‘qituvchi videodarsda yo‘l qo‘ygan xatosi uchun uzr so‘radi

“Vatan tuyg‘usi” fanidan 5-sinf uchun tasvirga olingan videodarsda o‘qituvchi xatolikka yo‘l qo‘ygan. O‘qituvchi bu xatolik uchun uzr so‘radi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot kotibi xabar qildi.

O‘qituvchi “Mustaqillik – avvalo huquq demakdir” mavzusini tushuntirishda O‘zbekiston NATO tashkilotining a’zosi deb yuborgan.

“O‘zbekiston NATOning a’zosi emas. Ammo mamlakatimiz mazkur tashkilot bilan uning bir necha dasturlari doirasida hamkorlik qilib keladi. Darsni olib borgan o‘qituvchi bu xatolik uchun uzr so‘ragan holda keyingi videodarsda bu haqida qo‘shimcha ma’lumot beradi”, deyilgan xabarda.

Shu bilan birga, Xalq ta’limi vazirligi 4 aprel kuni televizion darslarni suratga olish loyihasiga muharrir va o‘qituvchilarni hamkorlikka chaqirdi. Bir necha soat ichida 250 dan ziyod mutaxassis Vazirlik bilan hamkorlikka tayyor ekanligini bildirdi.

Keyingi haftadan tasvirga olinayotgan va efirga beriladigan darslar mazmunini qo‘shimcha nazorat qilish uchun ular orasidan mutaxassislar jalb etiladi.